19:46 / 24.01.2017
13794

O‘zbekistonda tashkil etilgan xalq qabulxonasining dunyoda muqobili yo‘q

24 yanvar kuni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining jamoatchilik muhokamasi davom ettirildi. 2-kun mavzusi: Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari.

Tadbirda soha bo‘yicha bir qator davlat organlari vakillari, jurnalistlar va jamoatchilik tashkilotlari xodimlari qatnashishdi. Unda xalqning murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning yuridik organlar bilan elektron aloqa o‘rnatish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu o‘rinda mutaxassislarimiz O‘zbekistonda tashkil etilgan xalq qabulxonasining dunyoda muqobili yo‘qligini ta'kidlab o‘tishdi. Kelajakda ko‘p davlatlar bu tajribani o‘zida joriy qilsa ajab emas.

Harakatlar strategiyasi loyihasida fuqarolarning davlat idoralariga murojaati bo‘yicha quyidagi vazifalar belgilanganligi qayd etildi:

Birinchidan, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunga qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, qonunlarga deputat va senatorlarning shaxsiy, sayyor va videokonferensiya bo‘yicha aloqa o‘rnatish orqali fuqarolarni masofaviy qabul qilish, virtual qabulxonalarni tashkil etish tartibini belgilab beruvchi o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish.

Uchinchidan, barcha huquni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalarini tashkil etish nazarda tutiladi. Bugungi kunga kelib ularning aksariyatida virtual qabulxonalar tashkil etilib, ular o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ulgurgan.

To‘rtinchidan, har bir davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etish.

Beshinchidan, murojaatlarning kelib tushish manzili, ularning mazmuni, turi, ko‘tarilgan masalalar klassifikatsiyasi, shuningdek takroriy murojaatlar hisobi, ko‘rib chiqish natijasi, intizomiy, ma'muriy va jinoiy javobgarlik masalalari bo‘yicha tahlillar olib borish maqsadida "Aholi murojaatlari shakli, turlari va mazmuni bo‘yicha Davlat namunaviy klassifikatori" loyihasini ishlab chiqish, murojaatlarni ro‘yxatga olish tizimi bo‘yicha yagona elektron dasturni tadbiq etish.

Oltinchidan, aholiga huquqiy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borishni faollashtirish, huquqiy madaniyatni shakllantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida huquqiy maslahatlarni keng targ‘ib qilish maqsadida davlat organlari va jamoat tashkilotlari veb-saytlari orqali o‘z yo‘nalishi bo‘yicha onlayn yuridik tizim tashkil etish.

Yettinchidan, murojaatlar eng ko‘p kelib tushadigan sohalar, ulardagi to‘siqlar va muammolarni bartaraf etish maqsadida har bir davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarida murojaatlar bilan ishlash faoliyatini har chorakda umumlashtirish, idoralarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati borasida aholining fikrini ijtimoiy so‘rovnomalar asosida aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etish tartibini joriy qilish.

Top