09:35 / 25.01.2017
7362

AQSh Transtinchokeani hamkorligidan chiqmoqda: nima zarar?

Foto: WP

Dushanba, 23 yanvar kuni AQShning yangi prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan asosiy va'dalarini bajarishga kirishdi. Dastlab u Qo‘shma Shtatlarning Transtinchokeani hamkorligidan chiqishi xususidagi farmonni imzoladi. 

Sobiq prezident Barak Obama 12 davlat bilan tuzilgan ushbu savdo bitimi Xitoyning Osiyodagi ta'sirini muvozanatga keltiradi, deb hisoblar edi. Bitimga qarshilar esa, bu AQSh uchun ish o‘rinlarini yo‘qotish ekanini ta'kidlashardi. 

Biroq, Obamaning qarashidan qat'iy nazar, TTH deya ma'lum bo‘lgan kelishuv ijrosi bir joyda turib qoldi, uni AQSh Kongressi ratifikatsiya qilmadi. Shunga ko‘ra, Trampning ushbu imzo chekishi shunchaki ramziy ma'noga ega. Ammo, tanganing boshqa tomoni ham yo‘q emas. AQShning bu kelishuvdan chiqishi uzoq istiqbolda aynan uning iqtisodiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. The Washington Post nashri Trampning TTHdan chiqish bo‘yicha bergan farmonining 4ta asosiy oqibati xususida so‘z yuritadi. 

Birinchidan, AQShning Osiyoda yetakchilik uchun kurashmasligi Xitoy uchun juda katta imkoniyatdir. Aslida, TTH AQShning Osiyodagi o‘rnini mustahkamlashi va tobora kuchayib borayotgan Xitoy bilan muvozanatni bir maromga keltirishi lozim edi. The Washington Post nashri o‘tgan yilning oktabr oyida yozgan maqolasida, Kongress TTH bitimini ratifikatsiya qilmaslik bilan bo‘shliqni yuzaga keltirgani, uni Xitoy to‘ldirishi mumkinligi haqida bong urgan edi. Masalan, mulozimlar, rivojlanayotgan mamlakatlarga kengrok imkoniyatlar berish maqsadida Xalqaro Valyuta Jamg‘armasini isloh qilish borasida kelisha olmagani ham Xitoyga qo‘l kelgan edi. O‘shanda, Xitoy ma'muriyati Osiyo infratuzilmalar investitsiya bankini (2016 yil) tashkil etdi. Bu esa, AQShning yaqin ittifoqchilari sanalgan Avstraliya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarga ham Pekinga qo‘shilishdan boshqa chora qoldirmadi. 

Avgust oyida Foreign Policy (Tashqi siyosat) jurnali respublikachilar partiyasining 8 nafar sobiq mulozimining ogohlantirishlarini chop etgan edi. Ularga ko‘ra, TTH savdo kelishuvini ratifikatsiya qilmaslik, «Xitoyning mintaqaviy savdo qoidalarini uqdirishiga, bu esa, o‘z navbatida, AQShning hududdagi obro‘si va iqtisodiyotiga putur yetishiga olib keladi».

Ikkinchidan, TTH muqobili Amerika sanoatini noqulay ahvolga tushirishi mumkin. Chunki, TTH ishtirokchisi bo‘lmagan Xitoy AQSh savdo kelishuviga muqobil bo‘lgan savdo kelishuvi – Hartomonlama mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (HMIH)ni barpo etish bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Bu bitim, Amerika biznesi uchun do‘stona faoliyat yuritadi, deb o‘ylash gumrohlik bo‘ladi. Nashrga ko‘ra, HMIH atrof-muhitni muhofaza qilish va ishchilar huquqlari, intellektual mulkni himoya qilish borasida TTHga nisbatan birmuncha past standartlarga ruxsat berishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, kelishuv, unda AQShning ishtirok etishini ko‘zda tutmaydi. Bu ham AQShning Osiyodagi korxonalarini foydasiz holatga tushiradi. 

«Agar TTH foyda bermasa, HMIH kuchga kiradi», — degan Yaponiya bosh vaziri  Sindzo Abe.

Uchinchidan, AQShning mazkur kelishuvdan chiqishi savdo hamkorlari bilan munosabatlarga ta'sir etishi mumkin. Savdoga bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar, jumladan Peru buni tahlikali holat sifatida qabul qilishi va asosiy savdo hamkori sifatida AQShni emas, Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishga e'tibor qaratishi bor gap. Aynan Peru TTHni faol ravishda ilgari surgan, mamlakat hukumati o‘ndan ortiq, xususan, YeI, Xitoy, Yaponiya bilan ham ikki tomonlama shartnomalarni imzolagan edi. Bu shartnomalar, unga Lotin Amerikasining eng samarador iqtisodiyotlaridan biri bo‘lish imkonini taqdim etishi kerak edi. Limaning Vashington bilan imzolagan va 2009 yilda kuchga kirgan savdo pakti tufayli, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2010 yildagi 9 mlrd dollardan 2015 yilda 14 mlrd dollargacha o‘sdi. Mamlakat fuqarolari qashshoqlikni ortda qoldirdi. Peru o‘rta sinf ko‘pchilikni tashkil etadigan mamlakatga aylandi. Amerikaliklar ham Peru mahsulotlari: organik artishok va kinoadan tortib, And tog‘larida qazib olinadigan oltin hamda kumushdan yasalgan zargarlik buyumlarining savdo peshtaxtalarida ko‘pligidan foydalanishdi. Endilikda, bu kabi erishilgan natijalar ham xavf ostida qolishi mumkin.  

Va nihoyat, to‘rtinchi masala shundan iboratki, AQShning TTHdan chiqishi, Vashingtonning NAFTA (Shimoliy Amerika Erkin Savdo Shartnomasi –ShMESSh)dan ham chiqishini anglatishi mumkin. Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida TTH bilan birga ShMESShni ham qayta ko‘rib chiqishga va'da bergan edi. Bu AQShning yonqo‘shnilari Kanada va Meksika bilan savdoga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimol. Hozircha, Tramp ishlab chiqarishni AQShdan Meksikaga ko‘chirayotgan mahalliy avtomobilsozlik sanoatini nishonga olmoqda, Kanadaga e'tibor berganicha yo‘q. To‘g‘ri, Tramp Toyota kompaniyasini Meksikada yangi zavod barpo qilayotgani uchun qoraladi, ammo, Yaponiya kompaniyasi Kanadadagi ishlab chiqarish birlashmasini Meksikaga ko‘chirishi AQSh ish o‘rinlariga ta'sir qilmasligini e'tiborga olmadi. Shunday bo‘lsa-da, Kanada ham Trampning ko‘z ostida to‘rgan bo‘lishi mumkin. Chunki, bu yerda ishlab chiqariladigan avtomobillarning atigi 12 foizi mamlakatda qoladi, qolgani uning janubiy qo‘shnisi (AQSh)ga yetkazib beriladi. 

Top