19:32 / 25.01.2017
153757

Islom Karimovga kechikkan maktub

Inson umri davomida qancha-qancha odamlar bilan uchrashadi, qo‘llar, yo‘llar birlashadi, ayro tushadi. Ajabki, ko‘ngilda bir umr saqlanib qoladigani judayam kam bo‘ladi.

Qo‘lga qalam olib, eng inja, samimiy tuyg‘ular qog‘ozga to‘kilsa, dil tubida asrab-avaylab kelayotganingiz izhorning sohibi ana shu ko‘ngilga yaqinlar bo‘ladi. Tuyg‘ular maktub shakliga kirib, o‘shal yaqiningizga yetib borishidan umidvor bo‘lasiz. Ammo men kechikdim. Kechikib qoldim. Hayotimning eng go‘zal damlari, shu darajaga yetganim uchun Sizga minnatdorlik bildirishga ulgurolmadim. Sizga yozgan maktubimni berolmadim... Mana o‘sha maktub:

“Assalomu alaykum, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich!

Siz O‘zbekiston yoshlarini joningizdan ortiq yaxshi ko‘rasiz. Qayerda, qanday anjuman bo‘lmasin, yoshlar haqida g‘ururlanib gapirasiz. Sog‘lom va bo‘ychan, ko‘zlari yonib turgan o‘g‘il-qizlarni ko‘rganda hammadan ko‘p xursand bo‘lasiz.

"Sizlar uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun butun borlig‘imni bag‘ishlashga ham tayyorman. Marrani doimo baland qo‘yib yashang, aziz bolalarim, davr bizniki, marra bizniki!" dedingiz. Bunchalar yuksak ishonchingiz, qalbingizdan toshgan mehringiz gohi hayratga solsa, gohi uyatdan boshimizni egib qo‘yadi. Oqlolyapmizmi o‘zi? Bizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

Javobini bilaman. Hammasi ayon. Lekin Siz baribir bizning, farzandlaringizning aybiga ko‘z yumaverasiz. Mehringiz, ishonchingizni bir dam susaytirmaysiz. Bizga qanot bag‘ishlaysiz. Yosh bo‘la turib, g‘ayrat-shijoatni Sizdan olamiz. Ertangi kun bizniki ekanidan mas'uliyat tuyamiz. Qarzdorlik, javobgarlik hissi bizni mudom harakatga, kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishga undaydi.

Biz Sizning farzandingizmiz. Sizning bolalarga, yosh avlodga e'tiboringiz og‘ushida kamolga yetyapmiz. Sizga munosib bo‘lish – Sizga o‘xshab Vatanni sevish, uni himoya qilish, dunyo ilmlarini bilish, komil inson bo‘lishga intilamiz. Ishoning. Bu so‘zlar bir qizingizning Sizga va'dasi”.

Va'da berishga shoshilgan ekanman. Mudhish va muqarrar kun kelishini qayoqdan bilay. Birdan xazinamning yarmi bo‘shab qoldi. Ko‘ngildagilarni qog‘ozga tushirmoqqa-da yurak yor bermadi, tatimadi, sig‘madi. Siz dunyoga sig‘magan palla bunday so‘zlar yurakka sig‘armidi?! Vaqtning davolashi yolg‘on ekan-da. Xotiraning, muhabbatning izini vaqtdek qudratli kuch ham o‘chirolmasa! Xayolimdan o‘tayotgani faqat shu so‘zlar:

“Bobojon, eng og‘iri va uyatlisi ojizlik ekan. Bilib, sezib, o‘rtanib, joningni bergilaring kep ketarkan-u, taqdirga tan berishdan, sukut saqlashdan o‘zga chorang qolmagani... Birinchi marta shifokorlik kasbini tanlamaganimga ich-ichimdan afsuslandim. Sizning joningiz men ojizning chekiga tushib qolmagan bo‘lsa ham, qo‘limdan hech ish kelmay, tomoshabingina bo‘lganimdan qanchalar uyalayotganimni, armonda qolganimni bilsangiz edi. Bu kechinmalar butun o‘zbek xalqining ko‘nglidan kechayotganiga shubha qilmayman.

Axir biror kishi yo‘qki, ota-onasining, jon-jigarlarining, qadri baland qadrdonlarining kun kelib uni manguga tark etishi haqida xayollagan bo‘lsa. Ularni sira o‘lmaydi, hamisha yonimizda qalqon bo‘lib turadi, deb o‘ylaydi. Omonat ekani sira yodiga kelmaydi. Shu sababmi ularni qadrlash, mehriga javob qaytarish, shodlik ulashishni keyinga suraveradi. To‘satdan sira o‘lmas deb o‘ylagan kishisi omonatini topshiradi-yu, shunda ko‘zi ochiladi odamizotning.

Siz bir dunyo edingiz.  Musaffo osmon, Siz qurgan binolar, yo‘llar, mashinalar, kitoblar va Siz sevgan xalq – butun O‘zbekiston Sizni eslatib turadi. Sizni O‘zbekiston degim keladi.

Bobojon, ranjisangiz ham, shu kunlarda hislarim aqlimdan ustun kelayapti. Taskin izlab, “Inson hayotida shunday damlar bo‘ladiki, shaxsiy dard-alamlar yuki uni ezib tashlaydi, ruhiy yoki jismoniy darddan dunyo qorong‘u bo‘lib ketadi. Bunday paytlarda faqat katta yurak, bukilmas iroda egalarigina o‘zini unutishga qodir bo‘ladi”, degan o‘gitingizni qayta-qayta o‘qiyapman.

Sizga aytmoqchi bo‘lgan gaplarim ko‘p edi. Har gal nutqingizni tinglaganimda, “Islom Abdug‘aniyevich! Qani endi o‘zbekning barcha yigitlari Sizdek mard, dono va jasur bo‘lsa edi! O‘zbekiston yanada buyuk bo‘lardi!” deb ko‘nglimdan o‘tkazaveraman.

Yo‘q, Siz barhayotsiz! Qayoqqa qaramaylik, Sizni ko‘ramiz. Ana, o‘ng qo‘lingizni baland ko‘tarib, kulib turibsiz. Qiyofangizdan: “Ey, bolam, sening Vataning bitta – barchamizga aziz, betakror mana shu O‘zbekiston. Ota-bobolaringning xoki shu yerda yotibdi. Shu muqaddas zamin seni dunyoga keltirgan, sen uni obod etishing, himoya qilishing shart. Nafaqat sening o‘z hayoting, balki senga umid ko‘zini tikib turgan ota-onang, opa-singillaring, yosh go‘daklar, nuroniy qariyalarimizning hayoti ham ana shu burchingni nechog‘liq ado etishingga bog‘liq”, degan ma'no uqaman.

Yana bir suratingizdagi o‘tkir nigohga dosh berolmay, ko‘zimni boshqa yoqlarga olib qochaman. “Baraka topgur, nega yonmaysan? Men senga o‘xshagan yoshlarga ishonganmidim O‘zbekistonimni?!” degan dakki eshitayotgandek bo‘laman. Qiynalaman.

Pand-nasihatlaringiz qulog‘im ostida jaranglaydi: “Men yoshlarimizga, mening bolalarimga qarata, o‘rganishdan hech qachon charchamanglar, deb aytmoqchiman. O‘rganish, intilish hech qachon ayb sanalmaydi. Nimanidir bilmasang, uni o‘rganish zarur. Avvalambor, endi hayotga kirib kelayotgan yoshlarga nima lozim? O‘rganish, o‘rganish va yana bir bor o‘rganish kerak. Kasb o‘rgangan, ilm o‘rgangan kishi, o‘zbekona aytganda, hech qachon kam bo‘lmaydi”.

Islom Abdug‘aniyevich! O‘rganamiz, intilamiz! Hech kimdan kam bo‘lmaymiz! Siz orzu qilgan yoshlar maydonga chiqqan. Millionlab qalblarga cho‘g‘ tashlagan So‘zingiz alanga olmoqda. Buyog‘i yaqin, buyog‘iga kelajagimiz buyuk bo‘lajak.

Sevara ALIJONOVA,
O‘zA sharhlovchisi

Top