18:10 / 25.01.2017
6826

Qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik deputatlar korpusi faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilandi

25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yildagi faoliyati yakunlarini va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. 

Parlament quyi palatasi a'zolari o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilishdan boshladilar. Palataning hisobot davridagi faoliyati tanqidiy baholandi, deputatlarning qonun ijodkorligi va parlament nazorati kabi muhim yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar belgilandi. 
O‘tgan yilda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotini huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilinganligi ta'kidlandi. Xususan, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 14 dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida hamda Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish  kelgusida Qonunchilik palatasining joriy faoliyatida ustuvor yo‘nalish bo‘lishini ta'kidladilar. Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik deputatlar korpusi faoliyatining asosiy prinsiplari bo‘ladi. Shuningdek, ishlarning holatini shaxsan o‘rganish va aholining zaruriy ehtiyojlarini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida deputatlarning joylardagi faoliyatiga alohida e'tibor qaratiladi

Top