15:31 / 25.01.2017
52239

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Tojikistondan ikkita narkoyo‘lakni fosh etdi

Foto: Panthermedia

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati giyohvandlikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida Tojikiston Respublikasidan ikkita narkoyo‘lak fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston MTRKning “O‘zbekiston” telekanalida xabar berildi.  

MXX tomonidan amalga oshirilgan tadbir natijasida Tojikiston fuqarosi Ibrohim Haydarov katta miqdorda giyohvandlik vositalarini sotish uchun respublikamizga olib kirmoqchi ekanligi aniqlangan. Buning uchun asli tojikistonlik, hozirda O‘zbekiston fuqarosi Hakimxon G‘oziyev bilan jinoiy til biriktirgan. 

Aniqlanishicha, Haydarov kechasi davlat chegarasidan noqonuniy o‘tib, narkotik moddalarni G‘oziyevga yetkazgan. G‘oziyevning Urgut tumanidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yerto‘ladagi yashirin joyda Haydarov keltirgan o‘nta o‘ram topilgan. Og‘ufurushlar ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, o‘ramlardagi modda “qoradori” giyohvandlik vositasi bo‘lib, og‘irligi 10 kilogrammdan ortiqni tashkil etdi.

Shuningdek, yana bir tadbir MXX giyohvandlikka qarshi bo‘linmasi tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan. 

Bo‘ka tumanida yashovchi Sohibnazar Ma'surov boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomobil ko‘zdan kechirilganda, 12ta briket olib qo‘yilgan. Ularda 11 kilogramm 316 gramm opiy va 2 kilogramm gashish bo‘lgan. 

Aniqlanishicha, Tojikistondan keltirilgan ajal urug‘ini yetkazish tashkilotchisi mashinada bo‘lgan yana bir kishi – Bekobod tumanida yashovchi, avval narkojinoyat uchun sudlangan Dilshod Pardaboyev bo‘lgan. 

Ushbu holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tergov bo‘linmalari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari tergov qilinmoqda.

Mavzuga oid
Top