16:36 / 26.01.2017
41513

O‘zbekistonda sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurilmoqda

Uzbekistan GTL MChJ O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurilishini boshladi. Bu haqda kompaniya xabarida aytildi.

Uzbekistan GTL kompaniyasi EPC xalqaro pudratchilar konsorsiumiga OLTIN YO’L GTL zavodini qurish ishlarini boshlash to‘g‘risida xabar bergan.  

U loyiha yechimlarini mukammal ishlab chiqish, ta'minotni tashkil etish va Qashqadaryo viloyatidagi qurilish maydonida asosiy qurilish-montaj ishlarini boshlashni nazarda tutadi, deyiladi kompaniya xabarida.

“Qurilish maydonida qurilishga tayyorlash ishlari yakunlanishi, barpo etilgan «LTFT» reaktori va o‘tkazilgan loyiha qiymatini optimallashtirish bilan bir qatorda, ushbu marra OLTIN YO’L GTL loyihasini amalga oshirishda navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi”, - deb ta'kidlaydi Uzbekistan GTL. 

OLTIN YO’L GTL yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarishi natijasida transport sohasi uchun toza ekologik kelajakni ta'minlab, dunyodagi eng ilg‘or korxonalardan biri bo‘ladi va O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi va rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. 

Zavod 3,5 milliard kubometr gazni qayta ishlab, 863,4 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 304 ming tonna aviakerosin, 395,5 ming tonna nafta va 11,2 ming tonna suyultirilgan gazni ishlab chiqaradi.

Qiymati taxminan 4 milliard AQSh dollari bo‘lgan zavod qurilishini moliyalashtirish qo‘shma korxona muassislarining o‘z mablag‘lari, shuningdek, qo‘shma korxonaga moliyalashtirish loyihasi talablari (loyiha umumiy summasining 70 foiziga qadar) asosida kredit taqdim etuvchi banklar konsorsiumi va moliya institutlari hisobidan amalga oshirilmoqda. 

Top