17:10 / 27.01.2017
4749

Alibaba sho‘'basi MoneyGram xizmatini xarid qildi

Xitoylik mashhur milliarder tadbirkor Jyek Maning Alibaba Group kompaniyasining moliyaviy sho‘'ba korxonasi — Ant Financial — Amerikaning MoneyGram International Inc xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatini xarid qilishga kelishib oldi. Bitim qiymati 880 mln dollarni tashkil etdi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi.

Xabarlarga qaraganda, Ant Financial MoneyGram xizmatining har bir aksiyasi uchun 13,25 dollardan naqd to‘laydi. Amerika kompaniyasining aksiyasi 25 yanvar kungi savdolarda 11,88 dollardan sotilgan. Shunday qilib, qimmatli qog‘ozlarga qo‘shilgan ustama 11,5 foizni tashkil etgan.

MoneyGram bitim amalga oshirilgach, o‘z brendi ostida ishlashni davom ettiradi hamda Dallasdagi bosh qarorgohini saqlab qoladi. Kompaniya tarmog‘i 200 mamlakatdagi 350 mingdan ortiq bo‘limni o‘z ichiga oladi. MoneyGram tizimlarida 2,4 mlrd hisob raqami ro‘yxatga olingan.

MoneyGram Ant Financial kompaniyasining ikkinchi yirik xaridi hisoblanadi. 2016 yilda Ant Financial ko‘zni skan qila oladigan dasturiy ta'minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan EyeVerify Inc firmasini xarid qilgan edi.

Ant Financial kompaniyasi xizmatidan Xitoyning o‘zida 450 mln kishi foydalanadi. Ant Financial bozor qiymati 75 mlrd dollar deb baholanadi.

Top