01:30 / 28.01.2017
14826

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasida 50dan ortiq loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan

Ma'lumki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sohalar va hududlarni mutanosib rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida Xorazm viloyatining sanoat salohiyati ham oshdi. Hazorasp tumanida “Damas”, “Orlando” va “Labo” avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12 yanvardagi «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni ushbu hududlardagi resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda. 

Bugungi kunda «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi uchun yer uchastkasi ajratilib, uni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta'minlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha ushbu hududda yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha 50 dan ortiq loyiha tayyorlangan, deb yozadi O‘zA axborot agentligi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 yanvarda Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi bilan yaqindan tanishdi. Prezidentimiz ushbu strategik zona qurilishida sifat va muddatga e'tibor qaratish, chet ellarda uning imkoniyatlarini targ‘ib qilish orqali xorijiy investitsiya va texnologiyalarni jalb etish zarurligini ta'kidladi. 

Prezidentimiz Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligini suv bilan ta'minlaydigan Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. 

Ushbu kanalda suv sathi pasayib ketgani sababli dalalarni nasos yordamida sug‘orish talab etilardi. Umumiy qiymati 145 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot kanallarining 305 kilometri rekonstruksiya qilinib, kanal tubi ko‘tariladi. 21 yangi kanal va 607 gidrotexnika inshooti quriladi. Buning natijasida 280 ga yaqin nasos olib tashlanib, yiliga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi. 

Pudratchi va quruvchilar ishini samarali tashkil etish, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.

 

Top