17:31 / 28.01.2017
25023

«Ozodlik haykali ko‘z yoshi to‘kmoqda»: xalqaro tashkilotlar Trampni qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatmaslikka chaqirdi

BMT Vashingtonni AQShda qochqinlarni qabul qilish dasturini yopmaslikka chaqirdi va mamlakat urush hamda uning oqibatlaridan boshpana axtarayotgan kishilarni himoya qilish bo‘yicha yetakchilikdan voz kechmaydi, degan umidda.

BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va Muhojirlik bo‘yicha xalqaro tashkilot AQSh prezidenti Donald Trampga shunday chaqiriq bilan chiqdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

«Butun dunyodagi qochqin va muhojirlar ehtiyojlari hech qachon hozirgi paytdan ko‘proq bo‘lmagan. Urush va ta'qiblardan qochayotgan kishilarni qabul qilish dasturi o‘ta muhim ahamiyatga ega», - deyiladi xabarda.

Tashkilotlar hali-hamon Amerika tomoni bilan ehtiyojmand insonlarga boshpana taqdim etish masalasidagi hamkorlikdan umidvor. 

«Biz qochqinlar dini, irqi yoki millatidan qat'i nazar himoya va yordamga muhtoj ekaniga ishonchimiz komil», - deb ta'kidlangan bayonotda.

Avvalroq Trampning qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatish va muhojirlik siyosatini kuchaytirish qarorlari AQSh senatidagi Demokratik partiya vakillari tomonidan tanqid ostiga olindi. Xususan, Massachusets shtatilik senator Elizabet Uorren bu qadamni «amerika qadriyatlariga xiyonat» deb atagan bo‘lsa, Konnektikut shtatilik kichik senator Kris Merfi Tramp IShIDga «qayta tug‘ilish yo‘lini» taqdim etgani haqida ma'lum qildi.

«Ozodlik haykalining ko‘z yoshlari oqmoqda», - deb yozgan senatdagi demokratik ozchilik yetakchisi Chak Shumer Twitter’dagi o‘z sahifasida.

Tramp tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, AQSh qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatib qo‘ymoqda. Shu bilan bir qatorda, suriyalik qochqinlarni qabul qilish dasturi noma'lum muddatga muzlatib qo‘yildi. Bundan tashqari, AQShga asosiy aholisi musulmonlar bo‘lgan bir qator mamlakat fuqarolarining kirishi 90 kunga cheklandi. Ular ichida Suriya, Iroq, Sudan, Liviya, Somali va Yaman bor.

 

Tramp AQShga kirish tartibini kuchaytirdi >>> Batafsil.

Tramp suriyalik qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatdi >>> Batafsil.

Tramp muhojirlarni “ekstremal tanlash” haqidagi farmonga imzo chekdi >>> Batafsil.

Tramp: qochqinlarni qabul qilishda Suriyadagi nasroniylarga ko‘proq e'tibor qaratiladi >>> Batafsil.

Top