18:40 / 30.01.2017
90615

MXX tovlamachilik yo‘li bilan 50 ming dollar olmoqchi bo‘lgan Oliy sud xodimini qo‘lga oldi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Bosh prokuratura xodimlari bilan birgalikda Oliy sudning ma'lumot-huquqiy ta'minot bo‘limi katta maslahatchisi, 37 yoshli Azizxon Mamatovni qo‘lga olishdi. U tadbirkorlardan birining ishi yuzasidan ijobiy qaror chiqarilishi uchun 50 ming AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston kuch mahkamasidagi manbaga asosan xabar berdi.

Ikki tadbirkor notarial shartnomaga ko‘ra fuqaro A.Olimjonovdan Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi qurilishi bitmagan binoni sotib olishgan. Shundan so‘ng bino kapital ta'mirdan chiqarildi, bu yerda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish rejalashtirilgandi.

“Keyinchalik Olimjonov binoni avvalgi egasidan deyarli tortib olgan holda firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi. 2016 yilning mayida Olimjonov ko‘chmas mulkni tortib olgani uchun 168 modda (“Firibgarlik”) bilan sudlandi, Yakkasaroy tuman sudi uni 10 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Shu bilan bir qatorda, sud binoning avvalgi egasiga obekt qiymatiga teng bo‘lgan yetkazilgan moddiy zararni qoplab berish haqida qaror chiqardi”, - deya ta'kidlab o‘tgan manba.

2016 yilning avgustida bino birinchi egasi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida yuqorida aytilgan ikki tadbirkor hamda A.Olimjonov o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishi hamda avval sotib yuborilgan mulkni qaytarib berish haqidagi qarorga erishadi. "Bunga javoban binoning yangi egalaridan biri Oliy sudga shikoyat bilan murojaat qildi, u esa Toshkent shahar sudining qarorini bekor qildi hamda ishni qayta ko‘rib chiqishga yubordi. Shu yerda Azizxon Mamatov aralashadi. U ijobiy qaror chiqarilishi uchun tadbirkorlardan 50 ming AQSh dollarini undirmoqchi bo‘ladi. Mamatov mablag‘ning yarmini darrov berishni, ikkinchi qismini esa – sud qarori chiqarilgach berishlarini talab qiladi", - deya ta'kidlab o‘tgan suhbatdosh.

Tezkor xodimlar Azizxon Mamatovni poytaxtning Shayhontoxur tumanidagi kafelardan birida u 25 ming dollar olayotgan paytida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi. 

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi JKning 168 va 28, 211 moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

 

Top