16:22 / 30.01.2017
12352

Uorren Baffett va uning davlatiga oid 24 fakt

Uorren Baffettning davlati 70 milliard dollardan ortiqqa baholanadi va dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatida qadrdon do‘sti Bill Geytsdan keyin ikkinchi o‘rinda qayd etiladi.  

Baffettni yoshligidan tanigan insonlar uning muvaffaqiyatidan ajablanishmaydi: u 11 yoshidanoq o‘z pullarini aql bilan aksiyalarga safarbar eta boshlagan, 16 yoshida esa bugungi kundagi 53 ming dollarga teng summani ishlab topgan. InsiderPro nashri u haqidagi 24 faktni to‘plab taqdim etdi. 

Uorrenning sinfdoshlari sport yoki Hollivud yulduzi bo‘lishni orzu qilgan bir paytda 10 yoshli Baffet Nyu-York fond birjasi vakili bilan tushlik qilgan va o‘z kelajagini rejalashtirgan. 

Uning afsonaviy karerasiga 10 yoshida, otasi bilan Nyu-Yorkka qilgan sayohati turtki bergan. 

Nyu-York fond birjasi vakili bilan o‘tgan tushlik Baffettda o‘z hayotini pul ishlashga bag‘ishlash istagini uyg‘otgan. 

U o‘zining ilk aksiyalarini 11 yoshida sotib olgan. 

Baffett 38 dollardan Cities Service'ning bir necha imtiyozli aksiyalarini qo‘lga kiritgan. 

O‘smirlik davrida Baffett oyiga 175 dollardan topardi - bu katta yoshdagilar topadigan puldan ko‘p. 

U bu pullarni Washington Post gazetasini yetkazib berish ketidan topardi. 

16 yoshiga borib uning kapitali bugungi kunga hisoblaganda 53 ming dollarni tashkil qilgan. 

Gazetalarni yetkazib berish u uchun shakllanish usullaridan biri edi. Yosh Baffett ishlatilgan golf to‘plari va markalarni sotar, mashinalarni sayqallash bilan shug‘ullanardi, pinbol avtomatlarga sarmoya kiritib, yugurish yo‘lakchasini ajoyib o‘yin maydoniga aylantirar edi. 

Uni Harvard biznes maktabiga qabul qilishmagan. 

Baf­fettning kirish suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tganiga shu qadar ishonchi komil ediki, hatto xayrlashayotib do‘stiga "Harvardda ko‘rishguncha" deb aytgan. 

"Men 16 yoshdek ko‘ringanim bilan psixologik jihatdan 9 yoshli boladek edim", - deya xotirlaydi u keyinchalik. Boshqa varinatlarni izlashga majbur bo‘lgan Baffett o‘z tanlovini Kolumbiya universitetida to‘xtatadi. 

Kumiri (Benjamin Grem) dastlab uni ishga olishdan voz kechadi. 

Baffett o‘z kumiri - "Oqil investor" muallifi Benjamin Grem bilan ishlashni orzu qilardi. Biroq u Uorrenni rad etdi, chunki u yahudiy emasdi (Grem o‘sha paytda Uoll-stritda ish topish qiyin bo‘lgani bois o‘z firmasiga yahudiylarni qabul qilardi). 

Biroq Baffett o‘z ahdidan qaytmaydi va Gremni ta'qib etishda, unga yangi g‘oyalar berishda davom etaveradi - nihoyat Grem "taslim bo‘ladi" va uni ishga oladi. 

Baffett Deyl Karnegining notiqlik san'ati kursiga 100 dollar sarflaydi. 

U 21 yoshda edi va omma oldida chiqish qilishdan qo‘rqardi. Bu oxir-oqibat omadli investitsiya bo‘lib chiqdi, zero notiqlik san'ati kursi tufayli u o‘zining bo‘lg‘usi rafiqasiga unga turmushga chiqishni taklif qilgan.

Baffett Omaxadagi (Nebraska shtati) besh yotoqxonali kamtargina uyda yashaydi. Bu uyni 1956 yilda 31,5 ming dollarga xarid qilgan. 

Agar siz Baffettning qo‘shnisi bo‘lishni istasangiz, u holda uning to‘g‘risidagi uy 2,15 million dollarga tushadi. 

Baffettning ish stolida kompyuter yo‘q. Shuningdek u smartfon emas, taxtlama-telefondan foydalanadi.

Kitob javonida esa Jahon ensiklopediyasining barcha tomlari saqlanadi. 

Omaxalik milliarder hayotida faqat bir marotabagina elektron pochtadan foyddalangan - u Microsoft'dagi Jyeff Rayksga elektron maktub yo‘llagan. 

Baffettning zamonaviy texnologiyalardan yiroqligi unga brij ustida ko‘p vaqtini o‘tkazishga imkon beradi, u haftada 12 soatini shunga bag‘ishlaydi. 

Uning brijdagi doimiy hamkori - qadrdon do‘sti Bill Geyts.

Baffett 80 foiz vaqtini mutolaaga ajratadi. 

Baffett brij o‘ynamagan paytlarida kitob o‘qiydi. "Men shunchaki o‘z idoramda o‘tirib, kun bo‘yi kitob o‘qiyman", - deydi u. 

U har kuni juda ko‘p Coca-Cola ichadi. 

Milliarder nosog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan qiziqishi bilan ham mashhur. 

"Agar men kuniga 2700 kaloriya iste'mol qilsam, ularning chorak qismi Coca-Cola'ga to‘g‘ri keladi. Men bir kunda kamida 12 banka (0,33 l) ichimlik ichaman", - deydi u. 

Shuningdek u ovqatni sho‘r qilib yeyishni xush ko‘radi,  nonushtaga esa ko‘pincha bir likobcha muzqaymoqni paqqos tushiradi. 

Baffett 99 foiz boyligini 50 yoshdan keyin ishlagan.

Birjadagi barcha investorlar orasida eng uzoq tarix Baffettga tegishli - u bozor afsonasiga aylangan. 

Baf­fett tarixda eng ko‘p bozorda turgan investor hisoblanadi, u hatto Devid Ey­n­xorn va Uo­l­ter Shlossni ham ortda qoldirgan. 

Agar siz 1964 yilda (kompaniya boshqaruvi Baffettga o‘tgan va aksiya bahosi atigi 19 dollar bo‘lgan vaqt) Berkshire Hathaway'ga 1 ming dollar kiritgan bo‘lganingizda edi, bugun siz 13 million dollarlik boylikka ega bo‘lardingiz. 

Baffettning moliyaviy ahvoli Urugvay YaIMni ortda qoldiradi. 2014 yilda Urugvay YaIM 57 471 277 325 dollarga baholangan. 

Baffett kam pul sarflaydi, lekin ko‘p xayrli ishlar qiladi. 2010 yilda u Bill va Melinda Geytslar bilan "Hadya qilish qasami" kampaniyasini boshladi, u dunyoning eng badavlat kishilarini xayriyaparvar ishlarga chorlaydi. 

2016 yilning iyunida ushbu kampaniyaga 154dan ziyod milliarder qo‘shildi, Maykl Blumberg, Mark Tsukerberg, Larri Ellison shular jumlasidandir. 

Baffett o‘z hayoti davomida shu qadar ko‘p xayriya qilganki, ularga 5 milliard dollarlik Apple Spaceship kabi olti kampusni qurish mumkin bo‘lardi. 

Stiv Jobsning eng so‘nggi loyihalaridan biri uning futuristik Apple Campus'i hisoblanadi - botiq shisha panelli devorlar, yer osti turargohi, taqdimotlar auditoriyasi hamda sermanzara tabiat ko‘rinib turuvchi kampus.

Baffet mazkur loyihaga deyarli 30 million dollar ajratgan - bu Bill Geytsdan keyingi eng  katta miqdordagi summa.

2013 yilda Baffett kuniga o‘rtacha 37 million dollar ishlab topgan - bu Jyennifer Lourensning bir yillik daromadidan ko‘proq. 

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda aktrisa Jyennifer Lourens Hollivudning ikkinchi eng ko‘p haq (34 million dollar) to‘lanadigan aktrisasi hisoblanardi. O‘sha yilning o‘zida Baffett kuniga 37 milliondan ishlagan. 

2016 yilning iyulida Baffett xayriya maqsadlarida 2,9 milliard dollar sarflab, o‘z rekordi, shu jumladan Bill va Melinda Geyts fondi hamda Syuzen Tompson Baffett fondidan ham o‘zib ketdi. Baffet har yili milliardlab dollarlarni xayriyaga sarflaydi. 

Chop etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, multimillionerning Berkshire Hathaway'dagi ish haqi yiliga atigi 100 ming dollarni tashkil etadi va u bu pullarni tejab ishlatadi. 

Ko‘pchilik afsonaviy Baffett bilan shu qadar tanishgisi keladiki, u bilan shunchaki tushlik qilish uchun million dollarlab sarflashga tayyor. 

2000 yildan GLIDE Foundation fondining xayriya tadbirida auksion bo‘lib o‘tdi, unda g‘olib bo‘lgan inson Baffet bilan tushlik qilish huquqini qo‘lga kiritadi. 

Eng yuqori narxni taklif qilgan kishi steyksevar milliarder bilan Manxettondagi Smith & Wollensky restoranida tushlik qilish uchun yana yetti kishini taklif qilish imkoniga ega bo‘lgan. So‘nggi marta bunday tushlik bahosi 3 456 789 dollarni tashkil qilgandi. 

Baffett muvaffaqiyat pul bilan o‘lchanadi deb hisoblamaydi. "Men uchun muvaffaqiyat - atrofimdagilarning muhabbati. Agar sizni sevishlarini istasangiz, muhabbatga munosib inson bo‘lishingiz darkor".

Top