17:41 / 31.01.2017
13279

Jizzaxda “Iyegova shohidlari”ga qiziqqan o‘zbek qizi jarimaga tortildi

Foto: Getty Images

Har bir inson biror yumushga qo‘l urishdan oldin yaxshilab o‘ylab keyin shu ishni boshlashi kerak. Bu masalada avvalo shoshqaloqlikka berilmasdan bilim va dunyoqarashiga suyangan holda ish ko‘rsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘zboshimchalikka berilib, kalta o‘ylab qilingan ish har qanday odamni Muborak Abdurahmonova kabi qizlarimizga o‘xshab sud zalida o‘tirishga majbur qiladi. Shu bois ota-bobolarimiz azaldan “Yetti o‘lchab bir kes”, degan naqlni bejizga aytishmagan.

Jizzax viloyati hokimligi saytining xabar berishicha, 1993 yil 16 iyulda tug‘ilgan M.Abdurahmonova Jizzax shahri, Jyeli-guli mahallasida istiqomat qiladi. U diniy bilimga ega bo‘lmay turib, qonunga xilof ravishda o‘ziga tegishli bo‘lgan “Samsung” rusumli telefon apparatida “Iyegova shohidlari”ga tegishli diniy mazmundagi video lavha va yon daftarchasida turli mazmundagi yozuvlarni 2016 yil 18 noyabr kuniga qadar saqlab kelgan. Uning asraganlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida aniqlandi. Ushbu videolavhalarni tinglash, ko‘rish, tarqatish, olib yurish O‘zbekiston diniy idoralari tomonidan taqiqlangan.

Sud majlisida M.Abdurahmonova diniy mazmundagi video lavhalarni faqat o‘zi tinglaganligini, videomahsulotni hech kimga tarqatmaganligini bayon qildi. U haqiqatdan ham bir yil davomida “Bibliya” kitobini o‘rganib kelishini, unda Iyegovaning amirlari yozilganligini, telefonida shu mazmundagi qo‘shiqlari borligini, ularni eshitib kelishini, bu ishlari noqonuniy ekanligini bilmaganligini bildirib, avf etishlarini so‘radi.

Sud ayblanuvchining muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilmaganligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, unga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida, ya'ni 2 million 995 ming 500 so‘m miqdorida jarima belgiladi. Unga tegishli telefon va yon daftarchasi tegishli tartibda yo‘q qilindi. Endigina 24 yoshni qarshilagan yosh qizning pushaymoni albatta kech. O‘ylaymizki, endi u qonunlarimizga zid harakatlarni qilmaydi. Aks holda…

Mavzuga oid
Top