11:03 / 01.02.2017
19617

OAV: AQSh Xitoyni “bosib turish” uchun yangi sherik topganga o‘xshaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor Vladimir Putinga nisbatan yaxshi munosabatda ekanini aytgan bo‘lsa-da, Amerikaning yangi ittifoqchisiga katta ehtimol bilan Rossiya emas, balki Hindiston aylanadi, deb xabar berdi CNBC. Vashington Dehlida Pekinning ortib borayotgan ta'siriga “tabiiy qarshi kuchni” ko‘rmoqda hamda u Amerikaga Osiyodagi pozitsiyalarini saqlab qolishga yordam beradi, deb ta'kidlashdi ekspertlar.

Donald Tramp Oq uy rahbari sifatidagi ilk kunlarda Hindiston bosh vaziri Narendra Modiga qo‘ng‘iroq qildi hamda u Amerika yangi prezidenti bilan inauguratsiyadan so‘ng muloqot qilgan ilk xorijiy davlat yetakchilaridan biri bo‘ldi. Keyinroq Oq uy Tramp va Modi “AQSh va Hindiston o‘rtasida iqtisodiyot hamda mudofaa sohalardagi sheriklikni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qilishgani” haqida ma'lum qildi.

CNBC’ning ta'kidlashicha, Dehli va Vashington o‘rtasidagi aloqalarning yaxshilanishi prezident Barak Obama davrida ham rejalashtirilgandi. Uning ma'muriyati Hindistonni “dunyodagi eng katta demokratiya” hamda “Xitoyning ortib borayotgan ta'siriga qarshi kuch” sifatida ko‘rgan. Donald Trampda esa bu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish imkoni bor.
 
Ekspertlar fikricha, Hindiston Vashingtonga Xitoyning Osiyodagi ta'sirini kamaytirishda, shuningdek AQShga mintaqadagi o‘z pozitsiyalarini ushlab turishi uchun kerak. Bu vazifa yangi prezidentning Amerikani Transtinchokeani sherikligidan chiqarish haqidagi farmoni bilan ham tasdiqlandi. Kanalning ta'kidalashicha, bu o‘ziga Xitoyni qo‘shmagan savdo kelishuvi kelajakda AQShga mintaqada yetakchilikni saqlab qolishga yordam beradi. Biroq Pekin “bo‘sh qolgan joyni egallashi” aniq.
 
“Ko‘plab amerikalik strateglar Hindistonning rivojlanishida Xitoyning ta'siri doirasini tabiiy kamaytirishni ko‘rmoqda va bu AQSh foydasiga ishlaydi. So‘nggi 10 yilda amerika siyosati bu mantiqqa asoslanib harakat qildi va Hindiston bilan munosabatlarni mustahkamlab bordi. Amerikaliklar yadro energetikasi va mudofaa qurollarini hamkorlikda ishlab chiqish bo‘yicha juda ham qulay shartlardagi hamkorlikni taklif qildi hamda buning evaziga deyarli hech narsa so‘ramadi”, - deydi Osiyo bo‘yicha mutaxassis Sasha Rayzer-Kositski.
 
Bugun Trampning musulmonlarga nisbatan dushman kayfiyatidagi bayonotlari Hindistonda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi hindilar tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda. Ular Pokiston bilan chegarada ko‘plab teraktlarga duch kelgan. Oq uy esa bosh vazir Modi bilan suhbat haqida bayonot berar ekan, yetakchilar “Janubiy va Markaziy Osiyodagi” masalalarni muhokama qilishganini aytib o‘tdi.
 
Tahlilchilarning ta'kidlashicha, Tramp va Modi bir-birlari haqida iliq fikrlar bildirishdan charchashmayapti. Hindiston investorlar uchun rivojlanayotgan bozorlar kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘la turib, uzoq yillar davomida “Xitoy soyasi ostida” qolib ketdi. Shuning uchun Dehli ham o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga tayyor turibdi.
 
Biroq Tramp va Modi munosabatlarida muhojirlik masalasi jiddiy noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Sababi hindistonliklar amerikalik fuqarolardan ko‘plab ish joyini olib qo‘yadi, ular arzon ishchi kuchi sifatida qabul qilinadi. Tramp aynan amerikaliklar uchun ish o‘rinlarini himoya qilish haqida ancha keskin fikrlar bildirgandi va bu jarayonda o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelishi aniq.

Top