09:04 / 01.02.2017
3708

Wikileaks Fransiya prezidentligiga nomzod 2 siyosatchi bo‘yicha deyarli 5 ming hujjatni taqdim etdi

Wikileaks tashkiloti Fransiya prezidentligiga nomzodlar Fransua Fiyon va Marin Le Penga aloqador deyarli 4,8 ming hujjatlarni taqdim etdi. Xabarlar tashkilotning Twitter’dagi sahifasida e'lon qilindi.

Fransua Fiyon bo‘yicha hujjatlar arxivi turli xildagi 3630ta fayldan iborat bo‘lsa, Le Penga tegishli materiallar soni 1138tani tashkil qildi.

Har ikki siyosatchi ham so‘nggi vaqtlarda soxta to‘lovlar bilan bog‘liq mojarolarga aralashib qoldi. Le Canard enchaîné gazetasi o‘z maxsus jurnalistik surishtiruvini olib borib, Penelopa Fiyon bir necha yil davomida Fransua Fiyonning Milliy yig‘ilishdagi yordamchisi sifatida ko‘rsatilgan hamda tegishli ish haqini olib turgan bo‘lsa-da, aslida “hech qanday aniq bir vazifani bajarmaganini” ma'lum qildi. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida unga 900 mingga yaqin yevro miqdorida mablag‘ to‘lab berilgan.

O‘z navbatida, “Milliy front” partiyasi yetakchisi Le Pen esa partiya kabineti rahbari Katrin Grize va tan soqchi Teri Lejyeni Yevroparlamentdagi o‘z yordamchilari sifatida soxta rasmiylashtirganlikda ayblanmoqda. Grizega Yevropa parlamenti fondidan 299 ming yevro, Lejyega esa 41,5 ming yevro to‘lab berilgan.

Mavzuga oid
Top