14:09 / 02.02.2017
10394

2016 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 16,6 milliard dollardan ko‘p investitsiya qilindi

Foto: greekshares.com

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan rivojlanishning “o‘zbek modeli”ga va zamonaviy davlatchilikni tashkil etish yo‘li va strategik tamoyillariga sodiqlik va 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini kompleks amalga oshirilishi yalpi ichki mahsulotning 7,8 foiz o‘sishini ta'minladi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.

2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari (2015 yilga nisbatan foiz hisobida) quyidagicha ko‘rinish oldi: yalpi ichki mahsulot 107,8 foiz, sanoat (qurilish bilan) 106,6, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 106,6, jami xizmatlar 112,5, chakana savdo aylanmasi 114,4, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 109,6 foizga o‘sdi.

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlariga tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, davlat byudjyetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti va 5,7 foizni tashkil qilgan inflyatsiya darajasining pastligini ifoda etgan makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash orqali erishildi. Sanoat hajmi 6,6 foiz, pudrat qurilish ishlari 12,5 foiz, chakana savdo aylanmasi 14,4 foiz, xizmatlar 12,5 foiz o‘sdi.

Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSh dollaridan ko‘p investitsiya qilindi, yoki 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘pdir. O‘zlashtirilgan chet el investitsiya va kreditlar hajmi esa 11,3 foizga o‘sib, 3,7 milliard dollardan ko‘p bo‘ldi.

2016 yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard dollarlik 164 yirik ishlab chiqarish obekti ishga tushirildi. 

Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari doirasida 2016 yilda 28 mingdan ko‘p loyiha amalga oshirildi. 2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan sanoat mahsulotlarining 80 dan ortiq yangi turi o‘zlashtirildi.

2016 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 6145,8 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi va o‘sish 2015 yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarni, import o‘rnini bosish samaradorligi 2,1 milliard dollarni tashkil qildi. 

2016 yilda mahalliy xomashyo resurslarini bosqichma-bosqich chuqur qayta ishlash va tayyor iste'mol mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish tarmoqlari evaziga sanoat mahsulotlarining yuqori o‘sish sur'atlariga erishildi. Xususan, to‘qimachilik buyumlari, kiyim va charm mahsulotlari ishlab chiqarish 111,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 110,8 foiz, farmatsevtika mahsulot va preparatlari 123,9 foiz, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari 129,7 foiz, boshqa noruda meneral mahsulotlar 113,8 foizga oshdi. Sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash loyihalari, shuningdek, 2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturining hayotga samarali tatbiq etilishi natijasida respublika YaIMga energiya sarfini 7,4 foizga, hamda yirik korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini esa o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 10,6 foiz kamaytirishga erishildi.

Top