16:05 / 02.02.2017
57192
Chorrahalarda qizil chiroq yonib turganda o‘ngga burilishga ruxsat berish bo‘yicha tajriba o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonning ayrim yo‘llarida yaqin orada yangi qoida kuchga kirishi kutilmoqda. Avtomobillar bilan gavjum chorrahalarda harakatni yengillashtirish maqsadida, taqiqlovchi chiroq yonib turganda haydovchiga o‘ngga burilishga ruxsat beriladi. Ayni vaqtda bu loyiha sinovdan o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonning bir necha shaharlari, masalan Farg‘ona va Jizzaxda svetoforlarda qizil chiroqqa o‘ngga burilishga ruxsat beruvchi qo‘shimcha yozuvlar paydo bo‘lgan. 

“Qizil chiroqda o‘ngga burilish” qoidasi transport vositalariga svetoforda qizil chiroq yonib turganda ham, boshqa tomondan harakatlanayotgan barcha transport vositalarini  o‘tkazib yuborib o‘ngga burilishga ruxsat beradi. Shuningdek, o‘ngga burilayotgan haydovchi chorrahagacha va undan keyin ham yo‘lovchilarni o‘tkazib yuborishi kerak. 

Ushbu qoida AQSh, Kanada, Koreya va boshqa bir necha mamlakatlarda chorrahalar o‘tkazish imkoniyatini 10-50 foizga kengaytirishga yordam bermoqda. Ushbu qoida o‘zbekistonlik haydovchilar uchun kutilmagan yangilik bo‘lgani aniq. Ayrimlar hatto fotosuratlarning haqiqiyligiga shubha qilishmoqda. Yangilik borasida YXHBdan operativ izoh olishning iloji bo‘lmadi. Ushbu tashabbus qanchalik jiddiy va keng qamrovli bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Haydovchilar uni qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Top