09:48 / 02.02.2017
5925

Merkel qochqinlar masalasidagi ishlari uchun mukofotlandi

Oygen Bolts nomidagi tashkiliy qo‘mita Germaniya kansleri Angela Merkelga qochqinlar masalasidagi pozitsiyasi uchun mukofot topshirdi. Bu haqda dpa agentligi xabar tarqatdi.

Oygen Bolts Vyurtenberg stats-prezidenti bo‘lgan va Adolf Hitler rejimiga qarshi guruhda ishtirok etgan. Keyinchalik Germaniyada fashizmga qarshi harakatlar uchun fuqarolarga uning nomidagi mukofot ta'sis etilgan. Mukofotning pul qiymati 5 ming yevro. Taqdirlash marosimi Baden-Vyurtemberg federal yeri markazi bo‘lmish Shtutgartda o‘tkaziladi.

Merkel bu mukofotga munosib ko‘rilganidan mamnunligini bildirib o‘tgan. O‘z nutqida siyosatchi Germaniya fuqarolari hamda YeIga minnatdorchilik bildirgan.

"Yevropa endi yanada kuchli, biz uni birlashtirdik", — degan kansler.

Qayd etish kerakki, keyingi yillarda Yevropa Ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng yirik migratsion inqiroz bilan to‘qnashdi. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi qurolli nizolar tufayli bu hududdagi odamlar Yevropaga oqib bora boshladi. Frontex agentligi ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda Yevropa Ittifoqi hududiga 1,8 million muhojir kelgan.

Top