15:58 / 02.02.2017
9705

Mourinoning yoz uchun rejalari: Yozda «Manchester Yunayted»da kimlar paydo bo‘lishi mumkin?

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino tarkibni kuchaytirish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Hozirda yozgi transferlar haqida gapirishning mavridi emas. Oldimizda ko‘plab o‘yinlar kutib turibdi. Ammo sizga aytishim mumkinki, yozgi transferlar uchun ro‘yxat tayyor. Men o‘zimga kimlar kerakligini bilaman. Gap «Yunayted» ularni sotib olish-olmasligida. Men buni aniq ayta olmayman, ammo men hamisha vaziyatga real ko‘z bilan qarayman», – deya Mourinoning so‘zlarini keltirgan Reuters.

«Tribuna» nashri bu klubga yozda kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida yozdi. Ushbu futbolchilarni portugaliyalik mutaxassis o‘tgan oylar davomidagi intervyularida tilga olib o‘tgan.

Mourinoning nishonida turgan futbolchilardan biri – shvetsiyalik himoyachi, ayni vaqtda «Benfika» a'zosi bo‘lgan Viktor Lindelyof. U Yevropadagi istiqboli porloq yosh futbolchilardan biri ekanini namoyish etib bo‘lgan.

Lindelyofni «Yunayted»dagilar qishdayoq kutishgandi, ammo futbolchining o‘zi Portugaliyada qolishni ma'qul ko‘rdi. Ehtimol u jamoasi bilan shartnomasini uzaytirib, balandroq narxda transfer bo‘lish evaziga jamoasiga yordam bermoqchi bo‘lgan, yoki u Angliyaga o‘tish oldidan yaxshilab o‘ylab ko‘rmoqchi bo‘lgan.

Qolaversa, ushbu futbolchiga  «Yuventus»dan qiziqish mavjud.

Mourino bu futbolchining «Old Trafford»ga kelishida Zlatan Ibrahimovich ham ishtirok etishiga shama qilgan. Ibrahimovich yosh vatandoshini ko‘ndirib bera oladimi yoki yo‘qmi, buni yozda bilib olamiz. 

«MYu» yana bir nomi chiqmagan futbolchi uchun 45 million yevro bermoqchi

«Manchester Yunayted»ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yana bir futbolchi – portugaliyalik Bernardu Silva. U ayni vaqtda «Monako» yetakchilaridan biriga aylangan.

Bu futbolchi ayni vaqtda 22 yoshda. U jamoasida 32 uchrashuvda 8 gol urdi va 7 golga uzatma berdi.

Shuni e'tibordan chiqarmaslik kerakki, Joze Manchesterga kelganida, yangi jamoasiga portugaliyalik futbolchilarni olib kelish niyatida emasligini aytgandi. Balki Mourino o‘ylab ko‘rar?

Shuningdek, «MYu» bu futbolchi uchun qancha mablag‘ ajratishi ham muhim. Klub Silvaga 70 mln funt to‘lashi mumkinligi aytilgan.

Mourino ushbu futbolchiga pleymeykerlik vazifasini yuklashi mumkin. 

Yana kim?

Antuan Grizmann. OAV bu futbolchi «Yunayted» futbolchisiga aylanishi haqida tinmay yozmoqda, uning «Old Trafford»ga kelishini Terri Anri va Stiven Jyerrard kabi faxriylar ham yaxshi qarshilamoqda. Bugun esa ushbu futbolchi manchesterliklar bilan shaxsiy shartnoma xususida kelishib olgani, unga ko‘ra uning yillik maoshi miqdori 18 million yevro bo‘lishi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Antuan «Yunayted» a'zosi Pol Pogba bilan yaqin do‘st hisoblanadi.

«U menga eng yaqin odamlardan biri. Ko‘p baxtiyor kunlarimda Griz yonimda bo‘lgan. U xuddi akamdek. Biz hamisha birgamiz», – degandi biroz oldinroq Pogba.

Aynan shu munosabat fransiyalik yulduzning «Atletiko»dan «Real»ga emas, Angliyaga kelishida muhim omil bo‘lishi mumkin.

Demak: 3 chiziq uchun 3 futbolchi. Endilikda David De Xeaning kelajagi mavhum qolmoqda, ushbu futbolchiga hamon «Real» tomonidan jiddiy qiziqish mavjud.

Top