09:35 / 02.02.2017
10156

Poroshenko Ukrainaning NATOga kirishi bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi

Foto: © RIA Novosti

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Germaniyaning Berliner Morgenrost nashriga bergan intervyusida o‘z mamlakatining NATOga a'zo bo‘lib kirishi masalasida referendum o‘tkazish niyatida ekanini aytdi.

"4 yil oldin Ukrainaning NATOga a'zo bo‘lib kirishini aholining 16 foizi qo‘llab-quvvatlagandi. Hozirda bu ko‘rsatkich - 54 foizni tashkil etadi. Xalqning fikrini ifodalovchi prezident sifatida men Ukrainaning NATOga a'zo bo‘lib kirishi masalasida referendum o‘tkazaman. Agar ukrainlar buni qo‘llab-quvvatlasa, men Shimoliy Atlantika alyansiga a'zo bo‘lishimiz uchun bor imkoniyatlarni ishga solaman", degan Poroshenko.

Ukraina Oliy Radasi 2014 yilning dekabrida mamlakatning bloklardan xoli bo‘lishi bo‘yicha ikki qonunga o‘zgartirishlar kiritgandi.

2015 yilning 24 sentabrida e'lon qilingan Ukrainaning yangi harbiy doktrinasiga ko‘ra, Kiyev NATO bilan hamkorlikni mustahkamlashni ustuvor maqsad sifatida ko‘radi.

NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bundan oldinroq Ukraina alyansga a'zo bo‘lib kirish uchun ko‘p vaqt kutishi lozimligi haqida aytib o‘tgandi. Ekspertlar Ukraina yaqin 20 yil ichida NATO a'zosiga aylana olmasligini aytishgan.

Mutaxassislar shuningdek, NATO hududiy nizolarga aralashgan davlatni o‘z tarkibiga qabul qila olmasligini ta'kidlashadi. Ukraina 2014 yildan buyon Rossiya bilan Qrimga egalik qilish masalasida nizolashib kelmoqda.

Top