10:16 / 03.02.2017
56630

2017 yilda jismoniy shaxslar uchun belgilangan soliqlar bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kiritildi?

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 27 dekabrdagi «Soliq va byudjyet siyosatining 2017 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-417-sonli (keyingi o‘rinlarda – Qonun) Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Abdullayev ma'lum qilgan.

Soliq qarzi bo‘yicha

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, jismoniy shaxslar uchun belgilangan soliqlar bo‘yicha ham bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, Qonunning 3-bandi bilan Soliq kodeksining 59- va 61-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, soliq qarzi to‘lov muddati o‘tgan paytdan bir yil mobaynida undirilmagan bo‘lsa, soliq qarzi bo‘yicha undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz bo‘lgan hollarda ham majburiy undirish choralari qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi. 

Shuningdek, ushbu Qonunning 16-bandi bilan Soliq kodeksining 291-moddasiga  qo‘shimcha («yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar egallagan yer uchastkalari uchun» tarzida) kiritilganligi hamda ushbu Kodeksning 290-moddasida ko‘rsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmasligidan kelib chiqib, Soliq kodeksning 282-moddasi ikkinchi qismidagi yuridik shaxslar uchun belgilangan imtiyozlarning jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi bekor qilindi.

Kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun

Bundan tashqari, mazkur Qonunning 26-bandiga asosan Soliq kodeksining 375-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq, kasb-hunar kolleji bitiruvchisi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlab o‘n ikki oy ichida faoliyatini tugatgan yoki uch va undan ko‘p oyga to‘xtatgan taqdirda, qat'iy belgilangan soliq faoliyati amalga oshirilgan butun davr uchun to‘lanishi belgilandi.

Mol-mulkka solinadigan soliq bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2699-sonli qarorining 19-ilovasiga asosan, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi mol-mulkning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 1,7 foiz (2016 yilda 1,5 foiz bo‘lgan) miqdorida belgilandi.

2017 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha alohida stavkalar shaharlarda joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 1,8 foizdan 2,1 foizgacha, maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 2,5 dan 2,9 foizga oshirildi.

Bundan tashqari, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari – 2,1 foiz (2016 yilda 1,8 foiz) miqdorida belgilandi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq kadastr hujjatlaridagi inventarizatsiya qiymatidan, lekin 3 mln.so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordan kelib chiqib hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash organlari tomonidan belgilangan inventarizatsiya qiymati bo‘lmaganda, soliqni undirish uchun Toshkent shahri va viloyat markazlarida 20328,0 ming so‘m miqdorida, boshqa shaharlar va qishloq joylarda esa 8833,0 ming so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilindi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga oluvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning shartli qiymatidan kelib chiqib ikki baravar miqdorida undiriladi.

Suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha

Mazkur qarorning 14-ilovasiga muvofiq, Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari tasdiqlanib, unga ko‘ra dehqon xo‘jaliklari (yuridik va jismoniy shaxslar), shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida suv resurslaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar uchun 1 kub.metr yer usti suv manbalari uchun 85,4 so‘m va yer osti suv manbalari uchun 108,5 so‘m miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashlari belgilandi.

2017 yilda resurslardan oqilona va samarali foydalanish maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkasi 1,15 baravarga indeksatsiya qilindi.

Yer solig‘i bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori 20-ilovasining 7- va 8-jadvallarida hamda ushbu ilovaga berilgan izohning 1- va 2-bandlarida keltirilgan stavkalarga yer uchastkalari joylashgan joyiga va yer sifatiga bog‘liq holda tegishliligi bo‘yicha koeffitsiyentlar qo‘llanilishi belgilangan.

Ushbu koeffitsiyentlar yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organ tomonidan tegishli davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda joylashgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga jismoniy shaxslarga yer solig‘i yer maydonini qavatlar soniga bo‘lgan holda hisoblab chiqarilishi belgilandi.

Shuningdek, mol-mulkini ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravarga indeksatsiya qilindi.

Mavzuga oid
Top