15:17 / 03.02.2017
15423

Rossiya O‘zbekistonga shakar va yog‘ mahsulotlari eksportini bir necha barobarga oshirishga tayyor

2 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor Ganiyev bilan ishchi uchrashuvni o‘tkazdi, deb xabar qilgan Rossiya Qishloq xo‘jaligi axborot-xizmati. Bu haqda Sputnik yozmoqda.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini ikki tomonlama rivojlantirish masalalarini muhokama qilganlar.

Xabarda aytilishicha, Aleksandr Tkachev Rossiya O‘zbekistonga don, baliq va baliq mahsulotlari, urug‘lik kartoshka, shuningdek qandolatchilik mahsulotlari yetkazilishi hajmini oshirishdan manfaatdor ekanligini ma'lum qilgan.

"Rossiyalik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar O‘zbekistonga shakar va yog‘ mahsulotlari eksportini bir necha barobarga oshirishga tayyor", — deb ma'lum qilgan Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri.

Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiyaga olib kiriladigan o‘zbek meva-sabzavotlari fitosanitariya normalariga rioya etishi to‘g‘risida protokolni imzolagan.

Top