23:15 / 04.02.2017
9372

TATUda Ichki ishlar Bosh boshqarmasining sayyor qabuli o‘tkazildi

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasining Tergov boshqarmasi rahbariyati tomonidan dastlabki tergov organlari ishlari bilan bog‘liq muammolar yuzasidan o‘tkazilayotgan navbatdagi fuqarolar o‘rtasidagi sayyor qabul Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazildi. Bu galgi uchrashuvda nafaqat Bosh boshqarmaning tergov boshqarmasi tergovchilari, balki jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari ham ishtirok etishdi.  

Qabulga tergov boshqarmasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha tegishli fuqarolar, advokatlar, harakatlari tergov organlarida ko‘rib chiqilayotgan shaxslarning oila a'zolari, ularning qonuniy vakillari, jabrlanuvchilar taklif etildi. 

Qabul jarayonida yuzdan ortiq ariza va murojaatlar ko‘rib chiqildi. Aksariyat arizachilarning talablari ular ishtirokida shu joyning o‘zida qanoatlantirildi.

Tergov xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar Bosh boshqarma rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, fuqarolarga huquqiy tushunchalar berildi.

– Fuqarolarning jinoyat ishi bo‘yicha tug‘ilgan savollariga, ushbu ishni ko‘rib chiqayotgan tergovchilar tomonidan shu yerning o‘zida javob berildi,– deydi shahar IIBB Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta'minlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik To‘lagan Abdullayev. – Muammolarni bunday ochiq hal etilishining ikkita foydali tomoni bor, birinchidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish, ikkinchidan kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik. Shuningdek, Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig‘ining guvd.uz  virtual qabulxonasi ishga tushirildi, natijada fuqarolar poytaxt ichki ishlar organlari faoliyatiga oid masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bilan Bosh boshqarma rahbariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Top