19:47 / 06.02.2017
51588

Ta'lim sohasida olamshumul yutuqlar haqidagi ertaklarni bas qilib, tizimni inqilobiy isloh qilish kerak

Feysbuk foydalanuvchilariga «Maktab,kollej, akademik litseylarda o‘quvchilarning davomati nima uchun past deb o‘ylaysiz?» savoli bilan murojaat qilindi. Bu mavzu ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilindi. 

Kimdir maktab va kollejlarda ishlayotgan o‘qituvchi-pedagoglarni layoqatsizlik, bilimsizlikda ayblagan bo‘lsa, ayrimlar hamma ayb yaxshi ishlamayotgan ta'lim tizimida ekani, bu tizim inqilobiy islohotlarga muhtoj ekanini ta'kidladi. Ko‘pchilik esa kollej yoki akademik litseyga borgandan ko‘ra pulini berib qo‘yib, o‘qishga kirish uchun repetitorga qatnash foydali ekanini aytib o‘tgan.

Taniqli bloger Sanjar Said munozaraga qo‘shildi va post ostida qoldirilgan fikrlar va takliflar asosida blogpost tayyorladi.

«Nega hech kim qabul paytidagi g‘irromliklar haqida bahs yuritmaydi? Agar test tizimi adolatli bo‘lsa nega chalasavod bolalar talaba bo‘lishadi? Biz o‘qituvchilarni ayblashdan oldin avval savol qo‘yaylik, ya'ni biz o‘qituvchi oldidagi vazifa va majburiyatlarimizni to‘liq bajaryapmizmi? Ularni vazifalariga kirmaydigan ishlarni qilishga majburlayotgan kimlar va nega ular haqida qizg‘in bahs olib bormaymiz? O‘qituvchi bironta mansabdorning chalasavod bolasiga baho qo‘ymasa holi nima kechadi? Buni bilmaymizmi? Nega ko‘pgina davlatlarda o‘qishga qatnashish majburiy bo‘lmasada talabalar darsga o‘z ixtiyorlari bilan qatnashishadi? Nega maktab, litseylarda bolalar o‘zlari qiziqishib o‘qishadi? Chunki maktabda yaxshi o‘qimasa oliygohga kira olmaydi, yaxshi mutaxassis bo‘la olmaydi. Mavzu davomat haqida va meni qisqacha javobim ham shuki ilmga, ta'limga talab yo‘q. Ana shu konkret javob. Endi nega talab yo‘q? Uni o‘zimizdagi turli «chilik»lardan axtarish kerak», degan munozarada faol qatnashgan Farhod Abdurahmonov ism-sharifli internet foydalanuvchisi.

Sanjar Saidning «Davlat davomatni ta'minlash va ta'lim sifatini oshirish uchun nima qilishi kerak?», degan savoliga Farhod Abdurahmonov quyidagicha javob qaytargan:
«Fikrimizcha, avvalo ushbu masalani hal etishda tizimli yondashish kerak. Men bir so‘z bilan nima demoqchi ekanligimni tushuntirmoqchiman. Agarki muayyan bir maqsadga erishishning yagona yo‘li faqat bitta haqiqat bo‘lsa va davlat uni ta'minlasa, unda poraxo‘rlik yo‘qoladi. Misol uchun, o‘qishga kirishning yagona yo‘li faqat bilim darajasi bo‘lsa unda poraxo‘rlikka o‘rin qolmaydi. Agar o‘qishga kiruvchi talabgor qishloqdanmi, shahardanmi, boyning bolasimi, kambag‘alning bolasimi, harbiy xizmatda bo‘lgan yoki bo‘lmaganmi, amaldorni bolasimi yoki oddiy ishchining farzandimi, otasi prokurormi yoki farroshmi qat'i nazar, o‘qishga kirishda bitta mezon bolaning bilimi bo‘lsa va boshqa har qanday chirkin ishga yo‘l qo‘yilmasa ana shunda institutga kirish sharafiga haqiqiy bilim sohibi ega bo‘ladi. Bu masalaning bitta tomoni, endi oliy tizimni tugatgandan keyin ishga kirish masalasida ham poraxo‘rlikni barham toptirish kerak. Bu yerda ham yuqoridagi tamoyil hukmron bo‘lmog‘i darkor, ya'ni ishga qabul qilishda bitta mezon bolaning haqiqiy muayyan soha bo‘yicha bilimi bo‘lishi kerak.Agar men bir narsaga amin bo‘lsamki va shu amin bo‘lgan narsam haqiqatda jamiyatda real ishlayotgan bo‘lsa unda meni unga ergashishdan boshqa yo‘lim qolmaydi. Boshqacha aytganda, Men kim bo‘lishimdan, Ota-Onam kim bo‘lishidan (amaldormi, boy yoki kambag‘al), qarindoshim kim bo‘lishidan va hokazolardan qat'i nazar davlatimda shunday bir tizim yaratilgan bo‘lsaki, unda men oliy ma'lumotli mutaxassis bo‘lishim uchun albatta maktabda yaxshi o‘qishim kerak bo‘lsin va faqat shundagina o‘qishga kira olsam, keyin ishga kirishim uchun faqat yaxshi mutaxassis bo‘lsam qabul qilinishim mumkin bo‘lsa va boshqa har qanday yo‘l berk bo‘lsa, shundagina har bir bola o‘qishga harakat qiladi, ularning Ota-Onalari ham bu ishda ko‘proq mas'ul bo‘ladilar. Bu holat poraxo‘rlikka barham beradi. Endi hozirgi holatni tahlil qilib ko‘raylik, biz hammamiz bir-birimizni aldayapmiz…»

Bloger bundan ortiq fikr bildirishni joiz ko‘rmagan. U mamlakatni har tomonlama rivojlantirish uchun eng avvalo ta'limni to‘g‘ri tashkil qilib olish kerakligini qo‘shimcha qiladi.

«Ta'lim adolatli, zamonga mos, berilayotgan bilimlar o‘quvchining real aqliy, psixofiziologik qobiliyatlariga mos tushmas ekan, hammasi bir pul, hammasi bekor. Ta'lim sohasida O‘zbekistonning olamshumul yutuqlari haqidagi ertaklarni bas qilib, tizimni tubdan, inqilobiy isloh qilish kerak!», deya so‘zini yakunlaydi Sanjar Said.

Kun tahririyati o‘z o‘quvchilaridan bu dolzarb mavzuga e'tibor qaratishni so‘raydi va fikr-mulohazalarni kutib qoladi. Fikrlarni ushbu manzilga yoki sayt pochtasiga (info@kun.uz) yo‘llash mumkin.

Mavzuga oid
Top