20:49 / 06.02.2017
9383

Peterburglik butun dunyoni piyoda aylanib chiqdi

Foto: Facebook’dagi "Sergey Lukyanov - peshkom vokrug sveta" akkaunti

Rossiyaning Sankt-Peterburgidan bo‘lgan Sergey Lukyanov dunyo bo‘ylab sayohatga piyoda chiqdi. U sayohatini amalga oshirish uchun million rublga yaqin mablag‘ va ikki yil vaqt sarflagan. Bu haqda jurnalistlarga sayohatchining o‘zi ma'lum qilgan.

Avval sportcha yurish bilan shug‘ullangan Lukyanov sayohati davomida 23 ming kilometr yo‘lni 22 oyda bosib o‘tdi. U o‘z sayohatini 2015 yil 1 aprelda Peterburgda boshlagan, 2016 yil 8 avgustda esa Rio-de-Janeyroda bo‘lgan. Peterburglik o‘zining dunyo bo‘ylab sayohatini 2017 yil 4 fevral erta tongda Peterburgga qaytib yakunladi. 

"Men sayohat davomida 21 ta davlatda bo‘ldim, qancha pul ishlatganim faqat rafiqamga ayon... Taxminan million rublga yaqin", deb aytgan Lukyanov.

Foto: Facebook’dagi "Sergey Lukyanov - peshkom vokrug sveta" akkaunti

Lukyanov sayohat davomida faqat ikki marta samolyotdan foydalangan: birinchi marta u Singapurdan Chiliga, ikkinchisida esa Riodan Rossiyaga parvoz qilgan. Lukyanov mehmonxonalarda tunamagan, qayerda duch kelsa o‘sha yerda tunni o‘tkazgan. Hattoki bir marta qor uyumida uxlashiga to‘g‘ri kelgan. Sayohatchi o‘zi bilan eng zarur narsalar – sayyohlik anjomlari, kiyim-kechakdan tashqari, smartfon va dori qutisi olgan. Lukyanov asosan quritilgan go‘sht va pishloq tanovul qilgan. Peterburglik yo‘lda zerikmaslik uchun "Laskovyy may", Deep Purple va "Veselyye rebyata" guruhlarining musiqalarini tinglab ketgan.

"Hozir men inson cheksiz ekanini, asosiysi hech narsadan qo‘rqmaslik kerakligini angladim. Ba'zida 16 soatlab to‘xtamasdan yurdim, bunday vaqtda 80 km lab yo‘l bosdim", deb o‘z sayohatini xotiralamoqda sayohatchi.

Uning aytishicha, u yo‘lida ekstremal sharoitlar kabi qiyinchiliklardan tashqari, mahalliy jinoyatchilik unsurlari bilan ham to‘qnashishiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: vk.com’dagi "Sergey Lukyanov - peshkom vokrug sveta" akkaunti

"Rossiyada g‘araz niyatli odamlar oldiga bir shisha aroq qo‘yib, kelishib olsa bo‘ladi. Biroq boshqa davlatlarda bu o‘tmaydi. Misol uchun, Janubiy Amerikada meni bir necha bor tunamoqchi bo‘lishdi. Endi u yerga oyoq bosmayman, u yerda kunduzi sen bilan sut ichib, kechasi kelib tunab ketishlari mumkin. Tajribam oshib, keyinchalik ryukzagimni uxlash vaqtida o‘zimga bog‘lab qo‘yishni, pul va hujjatlarimni yashira boshlashni odat qildim", deb eslamoqda sayohatchi.

Uning aytishicha, unga Malayziya va Tailand eng ko‘p yoqqan, uni bu davlatlarda mahalliy aholining mehmondo‘stligi juda hayratlantirgan. Rossiyalikni Xitoydagi ijtimoiy turmush, Janubiy Amerika va Afrika tabiati rom etgan. "Qayda yurmay, baribir Peterburgga qaytishni istardim", deb aytmoqda Lukyanov.

Foto: vk.com’dagi "Sergey Lukyanov - peshkom vokrug sveta" akkaunti
Mavzuga oid
Top