17:30 / 06.02.2017
11342

Rossiya va Isroil harbiylari Suriya osmonida o‘zlarini qanday tutishgani ma'lum bo‘ldi

Foto: RIA "Novosti"

Fransiyaning Intelligence online byulleteni Rossiya va Isroil o‘rtasidagi maxfiy kelishuv haqida yozmoqda. Unga ko‘ra, ikki mamlakat harbiylari Suriya osmonida «o‘zlarini tutish qoidalari»ni tartibga solib olishgan. Bu ikki mamlakat o‘rtasida ziddiyat kelib chiqishining oldini olishga xizmat qilishi kerak edi. Yashirin obuna vositasida tarqatilayotgan maqola tarjimasini Rossiyaning bmpd harbiy blogi e'lon qilgan. Bu blogni Strategiyalar va texnologiyalar tahliliy markazi mutaxassislari yuritishadi. 

Byulletenning qayd etishicha, so‘nggi oylarda Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari Suriya hududi bo‘ylab havo zarbalari berishni kuchaytirishgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, «Hizbollah» harakatini zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta'minlashiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Isroil rasmiy tuzilmalari, tabiiyki, bu zarbalarni izohlamaydi. G‘arb koalitsiyasi harbiy parvozlari xususida doimiy ravishda fikr bildiruvchi Moskva ham Isroil samolyotlarining zarbalarini e'tiborsiz qoldirmoqda. 

Axborotnoma manbalarining fikricha, Rossiya va Isroil o‘rtasida amal qiluvchi maxfiy kelishuv bor. 2016 yil mart oyida shunga doir muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Isroil tomonidan muzokaralarda prezident Reuven Rivlin, bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Isroil HHK Bosh shtabi rahbari Amir Eshel qatnashgan. Rossiya tomonidan prezident Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirok etgan.

Maqolada qayd etilishicha, isroilliklarning maqsadi — qurol-yarog‘lar, ayniqsa, boshqariluvchi raketalar va joylarni aniqlash tizimlarini Livanga hamda Jo‘lon tepaliklaridagi shia qurolli bo‘linmalariga yetkazib berilishining oldini olishdir. Moskva, o‘z navbatida, Damashq va Suriya jangarilari o‘rtasidagi qurolli ziddiyatda Isroilning jiddiy betarafligiga ega bo‘ldi. 

Ta'kidlanishicha, Rossiya va Isroil 2015 yil kuzidan oliy darajadagi aloqalarni saqlab keladi. Rossiya harbiy kuchlarining Suriyaga safarbar etilishi munosabati bilan 2015 yil 21 sentabrida ikki mamlakat bosh shtablar rahbarlari Valeriy Gerasimov va Gadi Ayzenkotning muzokarasi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu uchrashuv yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat bosh shtablari rahbarlarining o‘rinbosarlari yetakchiligida qo‘shma komissiya tuzildi. Matbuotda esa, Suriya osmonida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ikki davlat HHK ofitserlarining qo‘shma mashg‘ulotlari o‘tkazilishi xususida xabar qilingandi. 

Mavzuga oid
Top