12:50 / 06.02.2017
11484
Sarvar Otamuratov va partiya deputatlari Xorazm viloyatida aholi turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi

Inson manfaatlarini ta'minlash  xalqimiz turmush farovonligini oshirishning, mamlakat taraqqiyotining bosh omilidir. Ushbu omilga tayanib ish ko‘rish uchun esa xalq bilan muloqot qilish ularning orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak. Joriy yilning   mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinishi ham  shu ezgu maqsad yo‘lidagi muhim qadamdir.

Shu kunlarda  Oliy Majlis Qonunchilik  Palatasi deputatlari ham serquyosh diyorimizning shaharu qishloqlariga chiqib kishilarimizning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishmoqdalar, ularning manfaatlari ro‘yobga chiqishiga yaqindan yordam  bermoqdalar. 

O‘zbekistonning chekka tumanlaridan sanalgan Qo‘shko‘pir tumaniga O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbari Sarvar Otamuratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Jumanazar Otajonov  va Inoyat Xajiyevning joriy yilning 1-fevralidan 10 fevraligacha rejalashtirilgan 10 kunlik safari  ham aynan xalq bilan muloqot olib borib, odamlar dardini eshitish, muammolarini joyida hal qilishga qaratilgandir. 

Deputatlarimiz Qo‘shko‘pir tumani qishloqlarida bo‘lib aholining uylariga kirib ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqmoqdalar, shu muammolarni hal qilish bo‘yicha amaliy ko‘mak bermoqdalar. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini o‘z hovlisida ko‘rish qishloq ahlini quvontirdi. 

– Men pensionerman, – deydi Shixmashhad qishlog‘ida yashovchi Abdulla Abdullayev. –Uzoq yillar maktabda ta'lim berdim. O‘g‘lim ham pedagog, bo‘sh vaqtlarida hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Deputatlarning tashrifi bizni juda quvontirdi, shaxsan Sarvar Otamurotovning o‘zi  hunarmandlarga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar haqida tushuncha berdi va yashash sharoitlarimiz bilan tanishdi, ustaxonamizga kirib, yasagan buyumlarimizni ko‘rdi. Bu esa ko‘nglimizni ko‘tardi va bizni yanada ruhlantirdi. Bu davlatimizni mamlakatimiz fuqarolariga bo‘lgan g‘amxo‘rligining yorqin ifodasidir. 

Xonadonlarda bo‘lgan muloqot chog‘ida ichki yo‘llarning ta'mirtalabligi, qishloqlarda hammomlar yo‘qligi, dorixonalar uzoqligi kabi e'tirozlar bildirildi. Deputatlar ushbu muammolarning yechimi xususida dahldor tashkilotlarga o‘z tavsiyalarini berdilar. 

– Gaz yonilg‘isi yetib bormaydigan  joylarga suyultirilgan gaz ballonlari vaqtida keltirilyapti, – deydi shu qishloqda yashovchi Orzigul Sharipova,- biroq to‘lov terminali yetishmasligi tufayli ayrim muammolar kelib chiqayotgan edi. Jumanazar Otajonov  bu masalani o‘z joyida hal qildi, ya'ni suyultirilgan gaz yetkazib beradigan shoxobcha qo‘shimcha to‘lov terminali bilan ta'minlandi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inoyat Hajiyev tumandagi Hadra qishlog‘ida bo‘lib kishilar bilan dildan suhbatlashdi, ularning  hayotiy muammo va extiyojlarini o‘rgandi, ularga zarur maslahatlar berdi.

– Biz uyimizda issiqxona tashkil etgandik. Deputatat Inoyat Xajiyev  xonadonimizga kelib biz bilan suhbatlashganida bizga issiqxonani kengaytirish imkoniyatlari mavjudligini, oilaviy korxona tashkil etish yo‘l-yo‘riqlari, bankdan  kredit olish masalalari xususida  yetarlicha ma'lumot berdi, – dedi biz bilan suhbatda Hadra qishlog‘ida yashovchi  Rahimboy Iskandarov. – Biz deputatning tavsiyalarini eshitib xursand bo‘ldik va kelajakda amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlarimizni rejalashtirdik. I.Xajiyevning qishlog‘imizga tashrifi bejiz ketmaydi. Sababi, u qanchadan qancha xonadonlarda bo‘lib o‘zining  masalahatlarini, kerak bo‘lsa amaliy yordamlarini bermoqda.

Xalq bilan muloqot davom etmoqda. 

Top