22:27 / 07.02.2017
13528

Zimbabve hukumati AQSh elchisiga "o‘zini banan daraxtiga osishni" taklif qildi

Foto: RIA

Zimbabve hukumati mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashganidan xavotir bildirgan amerikalik diplomatlarni keskin tanqid qildi. Bu haqda Zimbabvening Herald hukumat gazetasi ma'lum qildi.

6 fevralda AQShning Xararadagi elchixonasi Zimbabveda inson huquqlariga amal qilish "yomonlashib borayotgani" haqida bayonot bergan. Elchixona xodimlarining xavotirlanishiga mahalliy ruhoniy Iven Mavarirening hibsga olinishi sabab bo‘lgan. Ruhoniy ijtimoiy tarmoqlarda hukumatga qarshi noroziliklar tashabbuschisi bo‘lgan.

Zimbabve prezidentining matbuot kotibi Jorj Charamba AQSh vakillarining bayonotiga javoban amerikalik elchi Kichik Garri K.Tomasni, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama ma'muriyati va Zimbabvening ko‘p yillik yetakchisi Robert Mugabe o‘rtasidagi ziddiyatlarni nazarda tutib, "dahshatli zamonlar qoldig‘i" deb atagan. 

"U (AQSh elchisi) bizga qo‘mondonlik qila olaman, deb o‘ylamoqda. U borib, o‘zini banan daraxtiga ossin", deb aytgan Charamba.

Charamba uning mamlakati AQShning yangi ma'muriyatidan ishora kutayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Top