20:14 / 08.02.2017
7311

IShID Kobulda sodir etilgan va 22 kishini hayotdan olib ketgan terakt uchun javobgarlikni zimmasiga oldi

IShID 7 fevral kuni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.

Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridagi Oliy sud binosi oldida xudkush terrorchi tomonidan sodir etilgan portlash oqibatida 22 kishi halok bo‘lgandi. Yana 100dan ortiq kishi jabrlangandi.

Sud xodimlari avtobusga chiqayotgan vaqtda avtoturargohdagi terrorchi o‘zini portlatib yuborgan.

6 fevral kuni BMT Afg‘onistonda 2016 yili 11,5 mingdan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘lgani va jarohatlangani haqida ma'lum qilgandi. 

BMTning Afg‘onistonga ko‘mak missiyasi ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili 3498 nafar fuqaro halok bo‘lib, 7920 kishi jarohatlangan. Qurbonlar soni 2015 yilga nisbatan 2 foizga kamaygan, jarohatlanganlar soni esa 6 foizga oshgan. 

Mojaro tufayli jabrlangan afg‘onistonlik bolalar soni 2016 yilda 24 foizga ko‘paygan va 3,5 ming kishini tashkil etgan. Ularning yarmi jangarilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi jangovar harakatlar, qolgan yarmi esa bombalar va boshqa portlashlar tufayli qurboni bo‘lgan. 

Hisobotda Afg‘onistonda 2016 yili IShID faoliyati tufayli halok bo‘lgan va yaralangan tinch aholi soni 2015 yilga nisbatan 10 barobar ko‘paygani qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top