14:02 / 09.02.2017
7862

Isroil harbiy-havo kuchlari Suriya janubi-g‘arbidagi shaharga zarba berdi

Foto: Flickr

Isroil "Suriyaga nisbatan yangi agressiv harakatni amalga oshirdi". Bu haqda Suriya qurolli kuchlari qo‘mondonligi bayonotida so‘z yuritilgan. SANA agentligi bayonotni e'lon qilgan.

"Isroil harbiy-havo kuchlari vertolyoti Suriya janubi-g‘arbidagi Al Baas shahrining turar-joy binolaridan biriga havo zarbasi berdi. Moddiy talofat yetkazildi, qurbonlar yo‘q", - deyiladi bayonotda. Unda ta'kidlanishicha, vertolyot Suriya havo kengliklariga kirmagan, aksincha Jo‘lon tepaliklarining bosib olingan hududi osmonidan turib manzilni nishonga olgan. 

"Isroilning jinoiy guruhlarga yordam berish maqsadida amalga oshirgan bu hujumi Suriya armiyasini Al Kunaytra viloyatidagi terrorchilarni ta'qib qilishdan qaytara olmaydi", - deyiladi xabarda. 

Suriya hukumat kuchlari mamlakat janubi-g‘arbida "Jabhat an-Nusra"ga qarshi kurash olib bormoqda. Uning qarorgohi Suriya va Isroil qo‘shinlarining Jo‘lon tepaliklari o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘ida joylashgan. Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, tank snaryadining Isroil hududiga o‘tib ketganiga javoban Suriyaning Jo‘lon tepaliklaridagi pozitsiyasiga zarba berilgan. 

Jo‘lon tepaliklari 1967 yilgi olti kunlik urush mobaynida Isroil tomonidan bosib olingan. 1981 yili Isroil parlamenti – Knesset Jo‘lon tepaliklarini Isroil hududi deb tan oluvchi qonunni qabul qilgan. 

BMT Xavfsizlik kengashining 1981 yil 17 dekabrdagi 497-sonli rezolyutsiyasi bilan bu anneksiya noqonuniy, deb topilgan. 

Mavzuga oid
Top