16:39 / 10.02.2017
6503

Afg‘onistonda xorijiy harbiy xizmatchilar soni oshirilishi mumkin

Foto: RIA "Novosti"

Afg‘oniston mudofaa vazirligi mamlakatdagi Amerika harbiy kuchlari qo‘mondoni Jon Nikolsonning fikrlarini ma'qullashini bildirdi. Nikolson Tolibon harakatiga qarshi kurashda Afg‘oniston mahalliy xavfsizlik xizmatlarini tayyorlash uchun xorijiy qo‘shinlar sonini oshirish zarur, degan fikrni ilgari surgandi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qilmoqda.

"Milliy mudofaa vazirligi afg‘on-amerika hukumatlari tomonidan qabul qilingan har qanday qo‘shma qarorni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu terrorizmga qarshi umumiy urushdir. Biz mamlakatda terrorizmga qarshi kurash borasida har qanday yo‘lni ma'qullaymiz", - deya vazirlik rasmiy vakili Davlat Vaziriy so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, xorijiy harbiy kuchlar sonini oshirish mamlakatdagi jangarilar guruhlariga qarshi kurashda "yaxshi qadam" bo‘lishi mumkin. 

9 fevral kuni Jon Nikolson Amerika senatining qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasida chiqish qilar ekan, Afg‘onistondagi terrorizmga qarshi missiyaning yetarli ta'minlanganiga qaramay, "bir necha ming kishi yetishmayotgani"ni ma'lum qilgan edi.

Agentlikka ko‘ra, 2011 yilda 100 ming harbiy xizmatchidan iborat Amerika kontingenti hozirda 8400 kishini tashkil etmoqda.

Top