23:07 / 11.02.2017
37854

AQSh grin-kartasi sohibasi AQShda ovoz bergani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Meksikaning Monterrey shahridan bo‘lgan va yoshligidan AQShda yashab kelgan Roza Mariya Ortega Dallas shahri sudi tomonidan AQShdagi saylovlarda ikki marta ovoz bergani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Orteganing ovoz berishga huquqi bo‘lmagan, deb xabar bermoqda The New York Times nashri.

Ortega Dallasda hibsga olindi. U grin-karta sohibasi hisoblanadi. U 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida va 2014 yilgi oraliq saylovlarda ovoz bergan va AQSh Respublikachilar partiyasi a'zosi hisoblanadi. U 2012 yilda respublikachilardan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Mitt Romniga ovoz bergan.   

Ayolning 4 nafar farzandi va o‘zidan 10 yosh kichik turmush o‘rtog‘i bor. Endi ayol jazo muddatini o‘tagach, AQShdan muqarrar deportatsiya qilinadi va boshqa bu yerga kelish huquqidan mahrum qilinadi. Sud jarayonida Texas bosh prokurori Ken Pakston chiqarilgan hukm shtatning saylovlar xavfsizligiga qanchalik jiddiy yondoshishini ko‘rsatishini aytdi.

Ayolning advokati Klark Berdsell chiqarilgan hukmni o‘ta jiddiy deb atagan.

"Ortega 6-sinf ta'limiga ega. U ovoz berish noqonuniy ekanligini bilmagan. U mol-mulkka ega bo‘lishi, armiyada xizmat qilishi, ish olishi, soliqlar to‘lashga haqqi bor. Biroq ovoz berishga huquqi yo‘qligidan bexabar bo‘lgan", deb aytgan advokat.

Avvalroq AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida ovozlarni soxtalashtirishga yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha ayblovlarni tergov qilish zarurligini aytgandi.

Top