13:58 / 13.02.2017
29187

Plastik karta ishlab chiqaruvchilariga imtiyozlar uzaytirildi

Foto: UzReport

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z qarori bilan O‘zbekistonda bank plastik kartalari asosida naqdsiz hisob-kitoblar tizimining bundan keyingi rivoji uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha choralarni tasdiqladi.

Qarorga ko‘ra, 2020 yilning  1 yanvar kuniga qadar bank mikroprotsessorli plastik kartalari va to‘lov terminallarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga bojxona imtiyozlari cho‘zdirildi. Ular xomashyo importi, sarf va butlovchi materiallar, dasturiy ta'minot va ularni ishlab chiqarishga kerak bo‘ladigan litsenziyalarni olish chog‘ida bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi (bojxona rasmiylashtirilishi uchun yig‘imlardan tashqari).

Shuningdek, 2020 yilning 1 yanvar kuniga qadar chakana to‘lov tizimlari protsessing markazlari dasturiy ta'minot, bankomat va boshqa uskunalarning importida bojxona to‘lovlaridan ozod etildi (bojxona rasmiylashtirilishi uchun yig‘imlar bundan mustasno).

Prezident, shuningdek, bank sektoriga iste'molchilarga kerak bo‘ladigan tovarlar (ish, xizmat)ni xarid qilishda plastik kartalardan foydalanish asosida turli kredit mahsulotini tatbiq etish haqida topshiriq berdi.

Banklarga savdo-servis tashkilotlari bilan hamkorlikda foydalanuvchilarni plastik kartalarini ishlatishga qiziqtiruvchi hamda rag‘batlantiruvchi turli-tuman bonus, diskont va rag‘batlantiruvchi dasturlarni tatbiq etish amaliyotini kengaytirish haqida topshiriq berilgan.

Top