11:36 / 13.02.2017
12290

O‘zbekistonda kompaniyalardan biri «Kaplya» brendini o‘zlashtirib olmoqchi bo‘ldi

O‘zbekistondagi kompaniyalardan biri «Kaplya» va «Kaplya spry» savdo belgilarini o‘zlashtirib olishga harakat qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qilgan.

Shampun va yuvish vositalari bilan shug‘ullanadigan, O‘zbekiston va Afg‘oniston bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan «BUMA» MChJ qo‘shma korxonasi sexlarida «Kaplya» va «Kaplya spry» savdo belgilari ostida idish yuvish vositalari ishlab chiqariladi. Bu qonunchilik asosida ish olib boradigan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kompaniya hisoblanadi.

Ammo bu savdo belgilaridan «Sano Technology» MChJ o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalangan. «BUMA» MChJ bu holat yuzasidan murojaat qilgach, raqobat qonuni buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish davomida maxsus komissiya «Sano Technology» MChJ tomonidan sodir etilgan harakatlarda raqobat qonunlariga amal qilinmagani bo‘yicha xulosa chiqarildi va bu savdo belgisidan foydalanishni to‘xtatish buyrug‘i berildi. Ish materiallari «Sano Technology» MJChga ma'muriy javobgarlik qo‘llanishi so‘ralib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Ma'lumot uchun, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13- moddasiga muvofiq, yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalangan holda tovarni realizatsiya qilish insofsiz raqobat hisoblanadi va qonun bilan ta'qiqlanadi.

Mavzuga oid
Top