12:47 / 14.02.2017
52030

Toshkentda yana bir dahshatli yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi

Toshkent shahrida navbatdagi dahshatli avtohalokat sodir bo‘ldi, yaxshiyamki, bu safar hech kim jabrlanmagan, qurbonlar yo‘q. 

YTH sobiq Tuzel mavzesida "Rohat" aylanasiga yaqin yo‘lda ro‘y bergan. Hodisaga doir suratlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. 

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, VAZ avtomobili belgilanmagan joyda qayrilib olishga uringan. U qayrilayotgan vaqtda boshqa bir avtomashina katta tezlikda kelib urilgan. Buning oqibatida anchagina eski VAZ bo‘laklanib ketgan. YTHda hech kim jabrlanmagan, Jiguli egasi shifoxonaga olib ketilgan. 

Qizig‘i shundaki, ko‘plab foydalanuvchilar, qoidabuzarlikka e'tibor qaratish o‘rniga  bu kabi suratlarning ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishiga salbiy fikrlarini bildirgan. Ularga ko‘ra, bunday suratlarni oshkor qilish yaxshi emas.

Biroq, ayrimlar shu kabi suratlardan ijtimoiy bannerlar ishlab chiqish va ularni katta yo‘llarning yoqalariga joylashtirish fikrini ilgari surishgan. Balki shu narsa YHQga rioya qilmaydigan va tezlik cheklovlariga amal qilmaydiganlarga biroz bo‘lsa-da amaliy ta'sir qilsa. 

Hozircha, IIV YHXBB matbuot xizmati bu hodisa haqida xabar qilgani yo‘q.

Top