22:30 / 15.02.2017
36204

“Allo, Markaziy bank-mi?..” yoxud birgina ma'lumot olish ilinjida sarson bo‘lganlar

Tavba, ajoyib zamonda yashayapmiz. Bir tomondan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha amaldorlardan xalq bilan yaqinroq munosabatda bo‘lishga, ularning murojaatlariga katta e'tibor qaratishni so‘ramoqda, boshqa tomondan esa joylardagi o‘z kabineti o‘rindig‘iga o‘tirib olgan amaldorlar xalq u yerda tursin, OAVlarining murojaatini ham bir tiyinga olishmayapti.

Kun.uz sayti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga plastik kartalar bilan bog‘liq bir qator savollarni rasmiy xat orqali yuborgandi. Ularning bizga yuborgan javobiga bank raisi o‘rinbosari Sh.Sh.Shoahmedov imzosi qo‘yilgan javob xatida, jumladan, “Sizdan ushbu murojaatda keltirilgan holatlarni aniq ko‘rsatgan holda taqdim etishingizni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Plastik kartochkalar tizimiga oid batafsil ma'lumotlar Respublika Markaziy bankining rasmiy saytida (sbu.uz) – “Savol va javoblar” bo‘limiga joylashtirilganligini bildiramiz”, deyilgan. 

Shundan so‘ng biz murojaatimiz yuzasidan Markaziy bankning ijrochisi bilan bog‘lanib, plastik karta egalarining yaqinlari ma'lum bir davlat tashkilotlarida to‘lovlarni amalga oshirmoqchi bo‘lishsa, kartaning haqiqiy egasi kelishini talab qilishayotgani yuzasidan aniq belgilab qo‘yilgan bandlar haqida tushunarli tilda bizga yozib berishlarini iltimos qildik. Ya'ni, qanday holatlarda bunga ruxsat berilgan va hokazo. Bizningcha bu unchalik murakkab va javobi 10-20 kun davomida qidiriladigan masala emasdek edi...

Shundan so‘ng xatni kuta boshladik. Oradan mana uch hafta muddat o‘tdi. O‘tgan vaqt davomida ularga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik, ushbu murojaatga javob olishga intildik. Biz bilan aloqaga chiqqan ijrochi bank raisi o‘rinbosari Sh.Sh.Shoahmedovni kutayotgani, bizga beriladigan javoblar tayyorligi, faqatgina ularni rais o‘rinbosari ko‘rib berib, so‘ng yuborishi mumkinligini aytdi. Uning ma'lum qilishicha, rais o‘rinbosari 2-3 haftadan beri Qashqadaryoda ekan. Ana xolos, bizga javob yo‘llash uchun Sh.Sh.Shoahmedovning Qashqadaryodan kelishi va savollarni ko‘rib, ularni tasdiqlashi lozim ekan... G‘alati emasmi? Axir biz shaxsiy masala yuzasidan murojaat qilmadik-ku yoki kredit berishlarini so‘rab xat yubormadik, shekilli? Biz aholidan kelgan birgina murojaat asosida savol tuzib jo‘natdik. 

Markaziy bank amaldorlari esa og‘ziga talqon solib olgandek jim o‘tirishibdi. Bizning bu masala yuzasidan tegishli ma'lumotlar olish, murojaatimiz taqdiri bilan qiziqishimiz esa xuddi igna bilan quduq qazishdek juda katta qiyinchiliklarga sabab bo‘ldi. Biz bilan aloqaga chiqqan ba'zi bir shaxslar esa o‘zlarini “operator” deb tanishtirib, hattoki o‘z ism-shariflarini ham aytishdan bosh tortishdi. Buni esa umuman tushuna olmadik...

O‘zbekistonda qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan elektron ommaviy axborot vositasi fuqarolarning noroziligi bilan tegishli tashkilotga o‘ta dolzarb mavzu yuzasidan rasmiy xat bilan savollar yuborsada, ular bunga hatto kipriklarini ham qoqib qo‘yishmasa... Bunga qandaydir izoh bormi? Shu maqolani yozish chog‘ida bizga ushbu savollarga javob berish haqida quyuq va'dalar bergan shaxsga qo‘ng‘iroq qildik. U esa go‘shakni ko‘tarmaslik bilan cheklandi... Ajoyib, to‘g‘rimi?

Balki bunday amaldorlar suratini TV va internet-saytlari orqali namoyish etib, xalqning “o‘z qahramonlari” bilan yaqindan tanishishini ta'minlash kerakdir? Ehtimol shunday choralar “mas'ul xodimlar”ning aqlini kiritib qo‘yar? 

Prezidentimiz xalq bilan kengroq muloqot qilinglar, xalq dardini eshitinglar, deb turgan bir paytlarida, tegishli tashkilotlarning Xalq murojaati asosida tuzilgan savollar bo‘lgan oddiygina ikki enlik xatga javob berishi shunchalik qiyinmikan?! Yoki bunga alohida tayyorgarlikdan o‘tib, bir necha rahbarlar imzosini qo‘ydirib, keyin yana bir marta o‘qib chiqish va “xo‘jayinning roziligini olish” talab etiladimi? Ochig‘i vaziyat biroz tushunarsiz... 

Nima bo‘lgan taqdirda ham ommaviy axborot vositasining birgina ma'lumotni olish ilinjida  8-10 marotalab qo‘ng‘iroq qilishi bizningcha noto‘g‘ri.

Boz ustiga, davlat tashkiloti xodimlarining rasmiy murojaat yuzasidan izoh berishi masalasida “xo‘jayinning javobini kutishlari”, “xo‘jayin majlisdan chiqishini poylab turishlari”, “xo‘jayinning bo‘shashini kutishlari”, “xo‘jayin nima desalar shu”, degan javoblarni berishlari ochig‘i uyat! Nahotki XALQning murojaati o‘sha “xo‘jayinning bo‘shashiga” yoki qo‘pol qilib aytganda - qosh-qovog‘iga bog‘liq bo‘lsa? 

Bu fikrlar birgina yuqoridagi tashkilotga tegishli emas, barcha vazirlik va tashkilotlarda shunday holatlarni ko‘plab uchratish mumkin. Bugun birgina shu holat haqida yozdik. Mavridi kelganda boshqa vazirliklar, viloyat hokimliklari haqida ham so‘z yuritamiz. Zero, yoziladigan gaplar yig‘ilib qolgan...

P.S. Ushbu maqoladan so‘ng Markaziy bankning tezlikda murojaatimizga javob berishlarini kutib qolamiz, xolos.

Top