18:05 / 15.02.2017
42469

Qo‘qon shahridagi mudhish qotillik tafsiloti

Foto: O‘zA

Kayf ustida janjallashdi, haqoratiga yarasha haqorat qildi, bas, o‘zini qo‘lga olib, uyiga borib yotsa bo‘lmasmidi?.. Balki, hech kim yo‘qligida, o‘rtog‘ining ukasi Jo‘rabek (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bilan yakkama-yakka san-manga borganida, shundoq qilarmidi. Yetti yashar o‘g‘li, shirakayf jiyanlarining oldida obro‘-e'tibori bir pul bo‘lganday tuyulgani tufayli qasdini olmoqchi, yaramasning burnini yerga ishqab qo‘ymoqchi bo‘lib, telefonda ukasini chaqirib oldi-yu...

Endi ukasi yo‘q. Endi uni qaytarib bo‘lmaydi. Keyingi pushaymon, o‘zingga dushman. Qambarali uning o‘rnida men bo‘lishim kerak edi, deya o‘zini qanchalik nimtalamasin, endi befoyda. Ukasining qotili panjara ortida o‘tiribdi. O‘zi esa sudda guvohlik beryapti. Nima desin? Janjal nimadan chiqdi o‘zi?

Jiyani Nodirning tug‘ilgan kuni edi. Qambaralining uyida nishonlashdi. Nodir o‘rtog‘i Javlonni esladi. “Negadir kelmadi, tobi qochdimikan”, dedi. “Yuringlar, borib hol-ahvol so‘raymiz”.

Qambarali o‘g‘lini yetaklab oldi. Yo‘l-yo‘lakay, do‘kondan pivo xarid qilishdi. Kechqurun soat to‘qqizlar edi. Javlon uyida ekan. Besh-olti nafar mehmonga dasturxon tuzadi. Davraga ukasi Jo‘rabek qo‘shildi. U Qambaralini xush ko‘rmasdi. Oralarida gap qochgan, yuz ko‘rmas bo‘lishgacha borishgan edi. O‘tirishda gina-kudurat unutilganday tuyuldi.

Ichimlik oxirladi. Qambarali Jo‘rabekka yana pivo topib kelishni aytgan edi, u toshingni ter, deganday, javob qaytardi. Keyin bir-birlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishdi. Qambarali chinni kosani mushti bilan urib sindirdi. Kaftining osti tilindi. “Ketdik”, dedi jiyanlariga. Chiqib ketayotganlarida Jo‘rabek tag‘in bo‘ralab so‘kindi. Yo‘l-yo‘lakay uning haqoratlari qulog‘i ostida bot-bot yangrab, battar g‘azab otiga mindirdi. “Hali shoshmay tur!”

Uning adabini berib, esini kiritib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin Jo‘rabek yolg‘iz emas, aka-ukalarga bas kela olishi dargumon. Agar jiyanlari, ukasi Qodirali yonida bo‘lsa, birgalashib popugini pasaytirib qo‘yishadi. Jiyani Rizobekning uyiga kirdi. Ukasiga telefon qildi.

-  Nima bo‘ldi, aka? – deb so‘radi bir zumda yetib kelgan Qodirali.

-  Jo‘rabekni ta'zirini berib qo‘yish kerak. O‘zidan ketib qolyapti.

Ukasi tun yarmi, soat o‘n birlarda Jo‘rabek akasi Javlon bilan turadigan Qo‘qon shahrining Mirishkor ko‘chasidagi hovliga qaytib borishdi. Jiyanlari darvozaxonadan o‘n besh qadamcha berida qolishdi. Qambarali deraza tagiga borib, chaqirdi. Jo‘rabek derazadan qaradi. “Avzoyi buzuq”, deya pichoq va gaz balloncha bilan qurollanib, ko‘chaga chiqdi.

-  Buyoqqa yur, - Qambarali uning yelkasidan tortdi. Ko‘lmakni chetlab, simyog‘och yoniga yetganlarida musht tushirdi. Jo‘rabek chap berib, uning yuziga ballonchadagi gazni sepdi. Qambarali ko‘rmay qoldi, ko‘zlari achishib, ko‘lmakda yura boshladi. Ukasi Qodirali Jo‘rabekka tashlandi. Jo‘rabek “finka” pichog‘ini uning yuziga tortib yubordi. Burni kesilib qochgan Qodiralining ortidan quvdi. Oldidan kesib chiqib, ko‘ksiga pichoq sanchgach, qorong‘i ko‘chaga singib ketdi.

Qambarali ko‘zini yuvib qarasa, ukasi chalqancha yotibdi. Qodiralini jiyanlari bilan ko‘tarib, Javlonning uyiga olib kirishdi. Jiyanlaridan biri katta ko‘chadan taksi topib keldi. Biroq Qodiralini kasalxonaga yetkazib borishganida kech bo‘lgan, joni uzilgan edi.

Spirtli ichimlik ta'sirida eski adovat qo‘zg‘alib, boshlangan dahanaki olishuv fojiali yakunlandi. Sud yigirma uch yoshida qasddan birovning umriga zomin bo‘lgan Jo‘rabek Tolibovni 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Manba: “Huquq” gazetasi

Mavzuga oid
Top