22:00 / 15.02.2017
16298

Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 14 fevraldagi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Uning asosiy vazifalari quyidagilar:

- Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantirish; 
- yo‘l xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va jihozlashning nomma-nom ro‘yxatlarini belgilangan tartibda kelishish; 
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazish; 
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish. 

Respublika yo‘l jamg‘armasiga mablag‘larni yig‘ish va tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish funksiyasi Davlat soliq qo‘mitasiga, Davlat bojxona qo‘mitasiga va Ichki ishlar vazirligiga, uning mablag‘laridan foydalanilishi ustidan nazorat qilish funksiyasi esa Moliya vazirligiga yuklanadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar va yig‘imlar umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy yig‘imlar hisoblanadi, ularning miqdori har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti tasdiqlanishi bilan bir vaqtda belgilanadi», — deyiladi Prezident farmonida.

Mavzuga oid
Top