08:23 / 15.02.2017
82377

Samarqanddan shikoyatlar: Kim kimga qarz?

Dunyoda balolar ko‘p: o‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosi... Shundaylardan biri, va nazdimizda, eng yomoni qarz balosi? Ammo, ushbu qarzdorlik balosi tuhmat toshlari bilan birga vujudga kelsa, nima qilish mumkin? Jurnalist Anvar Mustafaqulov shu haqda fikr yuritadi. Kun.Uz tahririyati uni o‘zgarishlarsiz nashr qilishga qaror qildi.

«Uni kim yuzaga keltirdi, kim bartaraf etadi? Ayni kunlarda istagan shahardagi gavjum tashkilot bu gazta'minot idoralaridir. Afsuski, bir vaqtning o‘zida bu yerda to‘planayotgan yuzlab iste'molchilarning birortasi korxona faoliyatidan xursand emas. Yaqinda o‘tkazilgan qarzdorlik bo‘yicha xatlov natijalari ana shunday holatni yuzaga keltirdi.

Tan olish kerak, tabiiy gazdan qarzdorlik butun tizim faoliyatiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Ammo bu qarzdorlik qanday yuzaga kelmoqda? Samarqand shahrida o‘tkazilgan o‘rganish davomida shu savolga javob izladik.

Haqiqatan ham samarqandliklarning deyarli barchasi yillar davomida tabiiy gaz uchun to‘lov amalga oshirmayaptimi? Agar to‘lov qilinayotgan bo‘lsa, nega xatlovdan keyin deyarli barcha iste'molchi qarzdorga aylandi? Shuncha vaqt mobaynida nega bu qarzlarni undirish choralari ko‘rilmadi? Va eng og‘riqli savol, nega aholi xatlov natijalaridan norozi bo‘lib bitta savolga javob topa olmayapti: «Har oy to‘lov amalga oshiraman, nega meni qarzdor qilishdi?».

«Samarqandshahargaz» filialida bo‘lganimizda o‘nlab iste'molchilar bizga ham shu savolni berishdi. Bundan ham yomoni, hatto tabiiy gaz tarmog‘idan uzib tashlangan xonadon egalari ham bugun qarzdorlar safida sarsonu sargardon.

«Mahallamizda tabiiy gaz bosimi pasayib aksariyat xonadonlarga umuman kelmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi, - deydi Samarqand shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasida yashovchi Nasim Tursunov. – Yo‘q gazga qarz bo‘lmaslik uchun 2014 yilda bir qator xonadonlar qatori men ham individual holda o‘z xonadonimni tarmoqdan uzdirdim. Ammo bugun tabiiy gazdan 4 000 000 so‘m qarz ekanimni ma'lum qilishdi. Holbuki men 2013 yil oktabr oyida hisob-kitobni amalga oshirib, qarzdorlikni “0” qilib, bu haqda ma'lumotnoma ham olgan edim. Agar tabiiy gaz berilgan taqdirda ham olti oyda shuncha qarz bo‘lish aqlga sig‘maydi-ku?!

Bu muammoga barham berish uchun mana, yigirma kundan beri gazta'minot idorasi eshigini poylayman. Qani endi birov eshitsa? Yaqinda bu haqda Xalq qabulxonasiga ma'lum qilish uchun shahar hokimligiga bordim. Hali faoliyat boshlamagan ekan. Ammo hokimlikdagilar muammoimni eshitib, ko‘z oldimda “Samarqandshahargaz” mutasaddilariga qat'iy topshiriq berishdi. Korxona xodimlari xonadonimga kelib vaziyatni o‘rganadigan bo‘ldi. Ammo belgilangan kuni yana chuv tushganimni angladim - hech kim kelmadi. Ochig‘i, kimga, qayerga murojaat qilishni ham bilmay qoldim».

Ushbu mahalla raisi Baxtiyor Akobirovning aytishicha, ana shu muammoning oldini olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan aholi bilan kelishgan holda 2013 yildayoq  “Samarqandshahargaz” filialiga tabiiy gaz tarmog‘ini kesish bo‘yicha yozma ravishda murojaat qilingan. Afsuski, murojaat e'tiborsiz qoldirilgan. (Bizningcha, bunda ham o‘rganish shart bo‘lgan bir sabab bor).

«2016 yil Vazirlar Mahkamasi tomonidan ana shu muammo bo‘yicha qat'iy topshiriq berilgandan so‘nggina mahallamiz tabiiy gaz tarmog‘idan demontaj qilindi, - deydi Abdurahmon Jomiy mahallasi raisi B.Akobirov. – Aholi “gaz bo‘lmaganiga yarasha endi qarzdorlik ham bo‘lmaydi”, deb xursand bo‘lgan edi. Ming afsus, bugun bizning mahallaning o‘zida yuzlab xonadonlar nohaq qarzdorlar safiga qo‘shib qo‘yildi. Mahalla raisi sifatida shuncha aholining “muttaham” emasligini juda yaxshi bilaman. Odamlar olgan narsasiga albatta pul to‘laydi.

Qolaversa, ko‘pchilik “qarzdor”lar oylik maoshidan yaqingacha ham tabiiy gaz uchun to‘lov amalga oshirgan. Ammo bu qarz qayerdan kelayotganini tushunib bo‘lmayapti. Umid qilib, murojaat qilayotganlarni esa, albatta biror kamchiligini topib ikki baravar qarz yozishmoqda. Aytaylik, kimningdir uy loyihasida, kimningdir hisoblagichida qandaydir kamchilik aniqlanib million-million qarzga botirilyapti. Ammo “tabiiy gazning o‘zi yo‘q-ku?”, degan gapni hech kim eshitmaydi. Muammoning yechimini topish uchun ayrim mahalladoshlarimiz bilan “Samarqandshahargaz” filialiga bordim. Buni qarangki, o‘zim ham 5 million so‘mlik “qarzdor” ekanman. Na o‘zimning, na mahalladoshlarimning muammosiga yechim topishni bilolmay qoldim. “Samarqandshahargaz” filiali rahbarlari esa “Bilamiz, mahallangizda 10 yildan beri gaz yo‘q” deyishdan nariga o‘tmadi».

Darhaqiqat, tabiiy gaz uchun noreal qarzdorlikni bartaraf etish ayni kunlarda “o‘limdan og‘ir” bo‘lib qoldi. Tahririyatimizda ham shunga o‘xshash voqealar kuzatilmoqda. O‘tgan yilning yoz oyida Farhod shaharchasida yashovchi  Ye.Shoroxova tabiiy gazdan salkam ikki million so‘mlik asossiz qarz bo‘lib qolganidan shikoyat qilgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha “Markazgazta'minot” idorasiga murojaat qilib muammoga barham berilmaguncha natijasi bilan qiziqib turdik. Mutaxassislar tomonidan ushbu murojaat o‘rganib chiqildi. Nihoyat Ye.Shoroxovaning qarzdor emasligi aniqlanib, hatto “Markazgazta'minot” unitar korxonasi direktori o‘rinbosari imzosi bilan bu haqda rasman ma'lum qilindi. Bugun esa, ana shu qarz yana “ko‘karib chiqdi”. Xullas, murojaatlar ham, o‘rganishlar ham, mutaxassislarning xulosasi-yu “Markazgazta'minot” unitar korxonasining rasmiy javob xati ham qo‘pol qilib aytganda, bir pul bo‘ldi – Ye.Shoroxova yana nohaq qarzdorlar “armiyasi” safida.

Samarqand shahridagi Ahadova ko‘chasida istiqomat qiluvchi Mahbuba Karimovaning esa, murojaatini qanday bo‘lsa shundayligicha keltiramiz. Xulosa o‘zingizdan.

«Uyimizda ikki dona tabiiy gaz nuqtasi bor, –  deydi M.Karimova. - Har oylik maoshimdan avtomatik tarzda to‘lov amalga oshiraman, qizim ham xuddi shu tarzda to‘lov qiladi. Ammo yaqinda meni 4 800 000 so‘m qarzdor qilishdi. Axir, qayerdan buncha qarz bo‘lishim mumkin? Hisoblagichga qaraganda ortig‘i bilan to‘lab kelyapmanku. Uyimizga gazta'minot idoralari xodimlari kelishdi, ortiqcha nuqta yo‘qligini ko‘rishdi, «hisoblagichingiz qiyoslovdan o‘tkazilmagandir» deyishdi, ko‘rsatdim, o‘tgan yili qiyoslovdan o‘tkazganmiz.

Hisoblagichni ko‘zdan kechirgach, «plomba buzilgan» deb turib olishdi. Eng alam qiladigani, shundan bor yo‘g‘i o‘n daqiqa oldin turmush o‘rtog‘im plombalar butligini ko‘zdan kechirib, «Nazoratchilar kelsa plombalarga ehtiyot bo‘lgin» deya tayinlab ketgan edi. Farrosh bo‘lib ishlayman. Ikki yuz ellik ming so‘mdan ziyodroq maosh olaman. Nohaq 4 800 000 so‘m qarzdan qachon, qanday qutula olaman. Ochiq oydin, yuzsizlarcha nohaq qarz yozayotganlarga chora bormi? Meni ahvolim nima kechadi?»

Yana bir og‘riqli masala. Byudjyet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar, xususan, o‘qituvchilarning kommunal xizmatlar uchun o‘z maoshidan oyma-oy to‘lov qilib borishlarini hammamiz bilamiz. Tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun eng ko‘p to‘lov hoynahoy, shu kasb xodimlari tomonidan qilinar. Ammo ayni kunlarda sun'iy qarzdorlikdan azob chekayotganlar ham shular ekani nihoyatda achinarli hol. Tahririyatimizga xuddi shu masalada murojaat qilib yordam so‘raganlarning bir qanchasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimida ishlayotgan o‘qituvchilardir.

Samarqand shahridagi Birlik ko‘chasi, 1-yo‘lak, 7-“A”uy; Lutfiy ko‘chasi, 1-yo‘lak 9-uy; Lutfiy ko‘chasi 24\9-uyda istiqomat qiluvchilar shular jumlasidan. Ularning har biri iste'mol qilingan gazdan ikki baravar ko‘proq to‘lov amalga oshirgan. Ammo necha haftadan buyon qarzdorlik balosidan qutula olmayapti. Ulardan biri A.Xushvaqov hatto, Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildi. Shunga binoan, uning uyida “Markazgazta'minot” unitar korxonasi vakillari o‘rganish o‘tkazishdi. Ammo ahvol o‘shaligicha qoldi. Iste'molchining o‘rganishdan qoniqmaganligi haqdagi murojaati ham e'tibordan chetda qoldi. Endi iste'molchi ikkinchi marotaba virtual qabulxonaga murojaat qilish arafasida.

Kasb-hunar kollejlarida “qarzdor” o‘qituvchilarga ikki xil munosabatni ko‘rish mumkin. Ya'ni, ularga muassasa rahbari haqiqatan ham qarzi bo‘lmasa, bu haqda gazta'minot idorasidan ma'lumotnoma keltirish yoki bo‘lmasa ish haqining uchdan bir qismini tabiiy gaz to‘loviga yo‘naltirish talabini qo‘ymoqda. (Afsuski, garchi qarzi bo‘lmasa-da, bunday ma'lumotni olishning hech qanday imkoni  yo‘q).  Xodimlari manfaatini o‘ylagan ayrim kollej rahbarlarining hisobchi bilan birgalikda gazta'minot idoralariga borib «qanday qilib xodimlarim shuncha qarz bo‘lib qolayapti?» degan savolni o‘rtaga qo‘yganiga ham guvoh bo‘ldik. Fikrimizcha, qolgan rahbarlar ham muammoning ildiziga bir nazar solishlari kerak.

Shunday qilib, tabiiy gazdan sun'iy qarzdorlik qo‘rqinchli darajaga yetdi. Bunga ishonmagan odam «Samarqandshahargaz» filialiga borib ahvolni tushunishi, guvoh bo‘lishi mumkin. Ammo, savol hali beri savolligicha qoladiganga o‘xshaydi: «Qarz qayerdan kelmoqda?»

PS: Ushbu fikrlarni yillar davomida tabiiy gaz haqini to‘lamay kelayotgan iste'molchilar dastak qilmasliklarini istardik. Sababi aynan ana shunday iste'molchilar, o‘z vaqtida tabiiy gaz pulini to‘lamay, ma'lum kishilar bilan kelishuvga erishib qarzini kompyuterdan o‘chirib tashlattirganning kasofatiga bugun ko‘pchilik aziyat chekmoqda.

Anvar Mustafoqulov

Kun.uz tahririyati ushbu maqolada bildirilgan mulohazalar tez orada barham topishiga umid qilib qoladi. Mutasaddi tashkilotlar, hokimliklar bu borada sa'y-harakatlarini umumlashtirgan holda, mavjud nuqsonlarga barham beradi. Shu bilan birga, qayd etish o‘rinliki, jurnalistning Samarqand shahri misolida yozgan fikrlaridan, Samarqand viloyati tumanlarida ahvol birmuncha yaxshi bo‘lsa kerak, degan xayolga borish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Buni samarqandliklar juda yaxshi bilishadi. Siz ham vaziyatdan bevosita xabardor bo‘lishni istasangiz, qahraton sovuq kunlarda qishni Samarqandning istalgan tumanida o‘tkazishni tavsiya qilamiz.

Top