08:17 / 16.02.2017
16669

Cherchillning o‘zga sayyoraliklar xususidagi qaydnomalari topildi

Foto: Post/Getty

AQShda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri va siyosatchi Uinston Cherchillning Koinot, boshqa yulduzlar atrofidagi sayyoralar va ulardagi ehtimoliy hayot xususida fikrlari topildi. Maqola 2016 yili Isroil astrofizigi, fan va matematikani ommalashtirish bo‘yicha qator ishlar muallifi Mario Livio tomonidan aniqlangan. Hujjatni unga AQShning Fulton shahridagi Uinston Cherchill muzeyi direktori bergan. 

Cherchillning 11 sahifali maqolasi 1939 yilda yozilgan bo‘lib, gazetada e'lon qilishga mo‘ljallangan, deb uqdiradi astrofizik. Livio siyosatchining maqolasidan ko‘chirmalarni Nature jurnalida chop etdi.

Siyosatchining ta'kidlashicha, hayotning asosiy jihatlaridan biri ko‘payishdir, shu bilan birga suv unda muhim o‘rin tutadi. U, shuningdek, bugungi kunda boshqa yulduzlar yaqinidagi «yashash hududi» nomi bilan yaxshi ma'lum bo‘lgan tushuncha haqida fikr yuritgan. 

«Bugun, ko‘plab siyosatchilar fan bilan shug‘ullanishni o‘zlariga ep ko‘rmayotgan bir vaqtda, bu maqola ilm-fanga mukkasidan ketgan yetakchini yodga olishga asos bo‘ladi», — deb hikoya qiladi Mario Livio. 

Ser Uinston Leonard Spenser-Cherchill 1874-1965 yillarda yashagan. Buyuk Britaniya davlat va siyosat arbobi. 1940-1945 va 1951-1955 yillarda bosh vaziri. Harbiy, jurnalist, yozuvchi, Britaniya akademiyasining faxriy a'zosi. Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori. 

Cherchill 1946 yil 5 martda AQShning Missuri shtati Fulton shahridagi Vestminster kollejida qilgan mashhur Fulton ma'ruzasi «sovuq urush» davrining debochasi hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top