14:41 / 16.02.2017
29109

Xitoyda ishonchni oqlamagan terma jamoa a'zolari Qozog‘iston safari oldidan Rio sovrindorlariga almashtirildi

O‘zbekiston terma jamoasi (Uzbek Tigers) Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning 2-turini 18 fevral kuni Qozog‘istonda Astana Arlans klubiga qarshi o‘tkazadi. Bellashuvlar Qozog‘istonning Toldiqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tadi.

Shu oy boshida turnirning 1-turini Xitoyda China Dragons jamoasiga qarshi o‘tkazgan Uzbek Tigers 2:3 hisobida yutqazgandi. Mironshoh Ibragimov (-49 kg), Abdulhay Shorahmatov (-56 kg) o‘z janglarida g‘alaba qozongan, Elnur Abduraimov (-64) jarohat tufayli ringga chiqmagan, unga texnik mag‘lubiyat yozilgan, Ulug‘bek Haqberdiyev (-75 kg) va Boburbek Yo‘ldoshev (-91 kg) o‘z janglarida mag‘lub bo‘lgan.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati Qozog‘istonga yo‘l olayotgan sportchilar nomini ma'lum qilgan. Tarkib Xitoydagidan butunlay o‘zgartirilgan hamda Rio—2016 Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan bokschilardan 4 nafari tanlab olingan.

Olimpiadada kumush medallar sovrindorlari bo‘lgan Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev mos ravishda -69 va -81 kilogramm vazn toifalarida ringga chiqadi. Bronza sohibi Murod Ahmadaliyev -60 kilogrammda o‘z omadini sinab ko‘rsa, Rio—2016 da O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan Bahodir Jalolov +91 kilogramm vazn jang qiladi. Shuningdek, -52 vaznda Abror Qodirov ishtirok etadi.

Ma'lumot uchun, 17 fevral kuni bokschilarni taroziga tortish marosimi bo‘lib o‘tadi. 18 fevral kuni bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot uchun, Astana Arlans turnirning 1-turida Rossiyaning Boxing Team jamoasini yenggandi.

O‘zbekiston vakillarining raqiblari ma'lum bo‘lgan:

52 kg Oljas Sattibayev - Abrorjon Qodirov
60 kg Zakir Safiullin - Murodjon Ahmadaliyev
69 kg Aslanbek Shimbergenov - Shahram G‘iyosov
81 kg Nurdaulet Jarmanov - Bektemir Meliqo‘ziyev
+91 kg Kamshibek Kunkabayev - Bahodir Jalolov.

Mavzuga oid
Top