17:09 / 16.02.2017
107983

UNICEF Shavkat Mirziyoyevning nutqiga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi

Bolalar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqi bo‘yicha UNICEF o‘z bayonotini bildirdi.

"UNICEF O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashuvida bolalar va yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish chora-tadbirlariga alohida e'tibor qaratganini yuksak baholaydi.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga a'zo davlat sifatida, O‘zbekiston reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlari voyaga yetmagan bolalarning manfaatlarini, albatta, e'tiborga olgan holda adliya tizimida tegishli islohotlarni olib boradi. Bola huquqlari bo‘yicha Qo‘mita jinoyatchilikning ijtimoiy ildizlarini izlash zarurligini ta'kidlaydi. U davlat va jamoatchilikning turli darajalarida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha har tomonlama jihatlarni o‘z ichiga olgan dasturlarni taklif etadi.

Shunisi e'tiborga loyiqki, Prezident tegishli davlat idoralarini yoshlar sodir etgan jinoyatlarni tahlil qilishga, ularning sabablarini aniqlashga va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga da'vat etdi.

Bolalar turli sabablarga ko‘ra jinoyat sodir etishlari yoki huquqbuzarlikka qo‘l urishlari mumkin. Xalqaro tadqiqotlarning natijalari ko‘rsatishicha, bunday bolalar zo‘ravonlik, haqorat, mensimaslik va ekpluatatsiya singari holatlar mavjud bo‘lgan muammoli oila muhitidan bo‘ladilar. Shu bois himoyaga muhtoj bolalarning muammolarini hal etish juda muhimdir.

Global amaliyot shuni tasdiqlaydiki, jinoyatchilikning oldini olish dasturlari huquq-tartibot idoralari tomonidan emas, balki ijtimoiy himoya organlari tomonidan olib borilganida samaraliroq bo‘ladi. UNICEF tegishli vazirliklar va idoralarga bolalar uchun adliya tizimini mukammallashtirishda xalqaro normalar va standartlarga muvofiq ravishda texnik yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bayon etadi", deyiladi bayonotda.

«Muvaffaqiyatli ravishda voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchilikning oldini olish erta bolalikdan boshlab o‘smirlarning har tomonlama barkamol bo‘lishlarini ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar butun jamiyat va davlat tizimi tomonidan qilinishini taqozo etadi,» - dedi Sasha Graumann, UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari. “Yoshlar jamiyat hayotida faol rol o‘ynash uchun imkoniyatlarga ega bo‘lishlari lozim, hamda ularga jamiyat rivojiga hissa qo‘shadigan shaxslar sifatida qarash kerak,» - deb qo‘shimcha qildi u.

Top