19:02 / 18.02.2017
43247

Ayanchli qismatlar: Namangandagi mudhish jinoyat tafsiloti

Sudlanuvchi Kozim Botirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bilan sodir bo‘lgan fojianing asl sababi spirtli ichimlik edi. Kozim avval ham to‘rt bor sudlangani bois, sim to‘rlar ortidagi hayotning achchiq taassurotlarini unutmagandi. Ammo qachonlardir o‘rtaga tushgan adovat uni tinch qo‘ymadi. To‘g‘ri, u qarshisida turgan “raqibi”ga tushuntirmoqchi bo‘ldi, avvalgi ishlarni unutib yarashib ketishni taklif qildi. Ammo kech edi, Asil Xolbekov unga quloq soladigan, tushunadigan holatda emasdi. Qolaversa, “otib olgani”dan so‘ng janjal ko‘tarish uning odati edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Har ikki yigit ham xalq ta'biri bilan aytganda, “Tog‘ni ursa, talqon qiladigan” darajada baquvvat edilar. Ko‘tarilgan janjalda kimdir qochib qolishi, agar bunday bo‘lmasa, yakuni ayanchli bo‘lishi tayin edi.

- Sen bola, tilingni tiyishni hali ham o‘rganmabsan. Avvalgi pichoq yeganing esingdan chiqdimi?! – Asilbek shunday deya Kozimga tashlandi. Avvaliga o‘zini olib qochgan Kozim bir-ikki mushtdan so‘ng, jahl otiga mindi. O‘zini “oyoqosti” qilib qo‘yishni istamadi. Bir-ikki ajratmoqchi bo‘lganlar ham uddasidan chiqisholmagach, “bor-e”, deganday ketib qolishdi. To‘polon shu darajaga yetib bordiki, yuz-ko‘z demay tepib, mushtlashgan yigitlar yerparchin bo‘lishdi.

Kozim yerda uzala tushib yotgan Asilni xumoridan chiqquncha tepkilab, ayovsiz kaltaklagach, uyiga ketdi.

Qishning ayozli kuni, tanani ko‘tarib bo‘lmas darajadagi jarohatlar va tunning zimistoni tufayli qarovsiz qolib ketgan A.Xolbekov ertalab jonsiz holatda topildi.

Marhumning ichkilikka mukkasidan ketganligi va mastligida to‘polon ko‘tarishini uni yaxshi bilganlar inkor etmaydilar. Ming afsuski, fojianing asl sababi shu bo‘ldi.

Vajohatga mingan K.Botirov sherigini o‘ta og‘ir holatga tushirgani, u o‘zini uddalab uyiga yetib bora olmasligini anglagani holda tashlab ketdi. Uyiga borib, xotirjam uxladi. Insoniylik yuzasidan “Uning ahvoli nima bo‘ldiykin?”, deya o‘ylamadi. Oqibatda esa...

Bir inson hayotdan bevaqt ko‘z yumdi, ikkinchisining yana to‘qqiz yillik umri temir panjaralar ortida besamar o‘tadigan bo‘ldi.

Bu kabi voqealarga sabab bo‘lguvchi ichkilikdan atrofimizdagilarni, ayniqsa, yoshlarni asrash, tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borish har bir fuqaro, ota-ona uchun burch ekanini yodda tutmoq kerak.

Top