17:32 / 18.02.2017
45876

Bozorda dori sotishganini hech eshitganmisiz?

Bozorga hammaning ishi tushadi. U yerdan kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, qo‘yingki kundalik hayotda kerak bo‘ladigan jamiki narsani topishimiz mumkin. Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi” aksiyadorlik jamiyati hududida dori-darmonlar bilan antiqa savdo qilayotganlar borligi esa taajublanarli hol. 

Kiyim-kechak yoki oziq-ovqat talabingizga to‘g‘ri kelmasa qaytarib berishingiz mumkin. Aytaylik, boshingiz og‘rib tursa-yu, bozordan dori olib ichsangiz, ahvolingiz tanglashsa... Kim aybdor? Dori-darmon vositalarini duch kelgan joyda sotish bilan shug‘ullanish inson salomatligi bilan o‘ynashish ekanligini bilamizmi?

Davlat soliq qo‘mitasi bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat kilish bosh boshkarmasi viloyat bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda mana shunday “antiqa savdo”ning shohidi bo‘ldilar.

“Jahon bozori”da Sherzod Hasanoxunov degan fuqaro dori-darmon sotishni bamaylixotir yo‘lga qo‘yib oldi. Yoshi o‘ttizdan oshgan. Demak, orqa-oldini o‘ylab ish tutadigan pallada. Nazorat tadbirida 103 turdagi, qiymati 552 ming 350 so‘mlik dori vositalari bilan savdo qilayotganligi ma'lum bo‘ldi. Kunlik savdodan tushgan 120 ming 700 so‘mlik naqd puldan ko‘rinib turibdiki, qanchadan-qancha xaridorlar surishtirmasdan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini sotib olishgan. 
  
Andijon tumanining Orol qishlog‘ida yashaydigan Boburbek Mo‘minov ham ana shunday shovvozlardandir. 84 turdagi dori-darmonni o‘ziga xonaki dorixona rastasi tashkil qilib olib sotmoqda. Hisob-kitob qilsangiz 1 million 42 ming 840 so‘mlik dorilar ekan. Kimdir bu dorilardan xarid qilib, to‘shakda yotgan onasiga, ayoliga, bolasiga, singlisiga, qo‘yingki xasta hol kimsalarga olib borib bergan. Savdodan tushgan 126 ming 400 so‘m naqd pul mana shundan darak berib turibdi. 

Nuriddin Karimov degan kimsaning dori-darmon sotish uchun hech qanday ruxsatnomasi yo‘q. U ham mana shu bozorda 21 xil turdagi dori vositasini oldiga terib olib, xaridor kutyapti. Yana bir fuqaro – Yoqutoy Qurbonovaning “xonaki dorixona”sida 33 xil dori turibti. Ularning umumiy qiymati salkam 650 ming so‘mga teng. Tadbir chog‘ida u xaridorlarga 320 ming 500 so‘mlik savdo qilganligi ma'lum bo‘ldi. 

Noqonuniy faoliyat yuritayotgan hamda inson salomatligidek bebaho boylik bilan “hazillashayotgan” ya'ni bilib-bilmay qonunbuzarlikka qo‘l urayotgan kimsalarga aytar so‘zimiz shu: O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati  to‘g‘risida”gi Qonuni va  Prezidentimizning 2016 yil 31 oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori borligini eslatib qo‘ymoqchimiz. Ularda belgilangan me'yorlar aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Bundan boshqa izohga hojat yo‘q. 

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri. 

Shohruhbek Egamnazarov,
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi 
Axborot xizmati bosh mutaxassisi.

Top