8337.07 USD +0.82

9498.42 EUR -34.92

123.36 RUB +3.51

10609.8 GBP +18.55

11:10 / 20.02.2017 3888

Yaponiyaning Sapporo shahrida VIII qishki Osiyo o‘yinlari start oldi

19 fevral kuni Yaponiyaning Sapporo shahrida VIII qishki Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur marosim Sapporo Doum (Sapporo Dome) stadionida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu arena 2002 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati uchrashuvlariga ham mezbonlik qilgan. 

Tantanali ochilish marosimidan avval Sapporoda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish tantanali marosimi o‘tkazildi. 

VIII qishki Osiyo o‘yinlari 19 – 26 fevral kunlari Yaponiyaning Sapporo va Obixiro shaharlarida bo‘lib o‘tishi belgilangan. 

Musobaqalarda ishtirokchilar sportning 11ta turi bo‘yicha bellashadilar. Bular: xokkey, biatlon, kyorling, figurali uchish, short-trek, konkida yugurish, tog‘ chang‘i sporti, chang‘i poygasi, fristayl, snoubord va tramplindan sakrash sport turlaridar. Obixiroda faqat konkida yugurish bo‘yicha musobaqalar tashkil etilsa, boshqa barcha sport turlari bo‘yicha bahslar Sapporoda o‘tkaziladi. 

Qishki Osiyo o‘yinlarida jami 32ta mamlakatdan tashrif buyurgan 1200 nafar sportchilar ishtirok etadi. E'tiborli jihati Osiyoning 30ta mamlakati qatorida bu safar Okeaniya mintaqasi vakillari – Avstraliya va Yangi Zelandiya terma jamoalari ham musobaqada mehmon sifatida qatnashishadi. Faqat ushbu mintaqa vakillari medallar uchun kurash olib borishmaydi. 

Bu safargi qishki Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini figurali uchish bo‘yicha terma jamoa a'zosi Misha Ge himoya qiladi. U o‘z ishtirokini 24 fevralda boshlaydi. Shu kuni qisqa dastur bo‘yicha musobaqalar Toshkent vaqti bilan soat 14:05da boshlanadi. 26 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00da erkin dastur bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazalib, u ushbu bahslarda ham qatnashishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, 26 fevral kuni Makomanay muz saroyida musobaqalarning tantanali yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Top