16:04 / 20.02.2017
26951

«Gap o‘ynash» yaxshi, ammo «Majburiy qarz» bo‘lib qolsa...

Erkaklar orasida ham, ayollar o‘rtasida ham “gap o‘ynash”, ya'ni tanishlar, do‘stlar, sinfdoshlar, qo‘shnilar yoki qarindoshlar o‘rtasida ziyofat uyushtirish va ziyofat egasiga pul yig‘ib berish odati keng tarqalgan. O‘zaro kelishgan holda ushbu ziyofatlarda beriladigan pul qiymati nimagadir qiyosan olinadi yoki ma'lum bir summa doimiy ravishda berib boriladi.

Ummat.uz sayti foydalanuvchilaridan biri quyidagi tartibda murojaat yo‘llagan: “Ma'lum bir mablag‘ yig‘ib, gap o‘ynash mumkinmi? Masalan: gapda ishtirok etadiganlarni hammasi 100 ming so‘mdan yig‘ishadi va kimning navbati bo‘lsa, o‘shanga beradi. Yoki yana boshqa narsalar bilan ham gap o‘ynashi mumkin. Ba'zilarda uy jihozlari yoki biror kamchiligi bo‘lsa, o‘shani olib berish bilan ham gap o‘ynashadi. Shular joizmi?”

Ushbu savolga Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome masjidi imom-xatibi Ishoq Muhammad quyidagi tartibda javob qaytargan.

“Agar gap o‘ynayotgan ulfatlar yoki qavmu-qarindosh, tanish-bilishlar o‘z ihtiyorlari bilan har kim imkoniyatidan kelib chiqqan holda biror mablag‘ yoki jihozni hadya tariqasida bersa bo‘laveradi. Ya'ni, muayyan biror mablag‘ yoki jihozni tayin qilib gap o‘ynash mumkin emas. Bu shariatda «Majburiy qarz» deb ataladi. Ya'ni, gap o‘ynayotganlarning har biri imkoniyati bo‘ladimi yoki yo‘qmi kimning navbati bo‘lsa, o‘sha kishiga 100 ming so‘mdan yig‘ib beradi va bu hamma ishtirokchilarga majburiydir. Shuning uchun ham hamma bir hil qiymatga ega bo‘lgan mablag‘ yoki biron narsani berishi shart. Aks holda gap ziyofatidagi a'zolikdan haydaladi. Bu esa boshqalarni mablag‘ini majburlov va zo‘rlov bilan suiste'mol qilib o‘zlashtirishdir. 

Alloh taolo Qur'oni Karimda    لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ  «O‘zaro mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar» degan (Baqara surasi, 188-oyat). Shuning uchun ham goho mazkur ulfatlarning o‘rtasida har-xil kelishmovchiliklar yuzaga chiqadi. Ularning ba'zisi «men birinchi bo‘lib navbatni olaman» desa, boshqasi unga qarshi chiqadi. Chunki vaqt o‘tishi bilan jamlanayotgan mablag‘ni qadrsizlanib qolish havfi ham mavjud. 

Vallohu A'lam!”.

Top