11:25 / 20.02.2017
13848

Shahar hokimiyatlari dori vositalarini chakana sotishni litsenziyalaydi

Foto: Flickr

1 apreldan farmatsevtika faoliyatining turi — dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishni litsenziyalash Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 14 fevraldagi «Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini oshirilgan narxlarda chakana sotish faktlarini profilaktika qilish hamda oldini olish samaradorligi pastligi, ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxining davlat tomonidan belgilangan tartibiga rioya etishni ta'minlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan yetarlicha darajada foydalanilmasdan kelinayotganidan dalolat bermoqda.

Bu «dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishni litsenziyalashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etishni, iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmini, litsenziya talablari va shartlariga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilmoqda».

Qaror ijrosi ustidan nazorat bosh vazir Abdulla Aripov va bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev zimmasiga yuklandi.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar narxning davlat tomonidan belgilangan tartibiga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi topshirildi.

 

Top