17:59 / 20.02.2017
34636

Video: Buxorodagi binolarning buzilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha jurnalistik tekshiruv

O‘tgan haftada ayrim xorijiy nashrlarda Buxoro viloyati hududida, Olot tumanida qishning sovuq kunlarida fuqarolarning turar joylari buzib tashlanayotgani haqida xabar («Hukumat uy buzish uchun yozni kutmadi» sarlavhasi ostida) tarqatildi. Bir kun o‘tib Buxoro viloyati hokimiyati bunday xabarlarga raddiya berdi.

Raddiyada aytilishicha, respublika hukumati hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, tumanlar va shaharlarni obodonlashtirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarorlari asosida hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hududdagi buzilish ishlari esa aholining turar joylarida emas, ko‘p kvartirali uy-joylar atroflarida fuqarolar tomonidan noqonuniy qurilishlarda olib borilgan. Uy-joylarni shaharsozlik va yong‘in xavfsizligi me'yorlariga moslashtirish maqsadida ishchi guruhlari tuzilib, ish faoliyatini boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Noqonuniy qurilishlarni buzishdan oldin fuqarolarga ularning qo‘shimcha qurilishlari shaharsozlik me'yor va qoidalariga mos kelmaganligi uchun buzilishi yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi.

Shundan so‘ng, buxorolik jurnalist, "Istiqlol" telekanali vakili Obid Shabanov Olot tumani hududiga yo‘l olib, jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan.

Muxbirning aniqlashicha, fuqarolar yashash uylarining birortasi buzilmagan. Faqatgina, ko‘p kvartirali uylarga tutash qilib noqonuniy qurilgan qo‘shimcha binolar bartaraf qilingan.

U mutaxassislar va aholi vakillaridan intervyu olgan.

Uylariga qo‘shimcha binolar qurgan va endilikda bu qurilishlari buzilgan aholi vakillari hech qanday shikoyat bildirmagan.

"Bu yerda odamlarning uylari buzilayotgani yo‘q. Bu yerda noqonuniy qurilgan, shahar ko‘rkini buzayotgan, ko‘chalarning ko‘rkini buzayotgan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar buzilyapti", deydi ulardan biri.

"Mahalladan ogohlantirish xati berildi. O‘z ixtiyorimiz bilan buzdik. Hech kim tazyiq qilmadi", degan yana bir fuqaro.

Shuningdek, telekanal boshqa davlatlarda bu masaladagi vaziyatni o‘rgangan. Lavhada aytilishicha, Rossiya va Pokiston kabi davlatlarda ham qonunga zid tartibda qurilishlar qilganlarga nisbatan jiddiy choralar joriy etilgan (qoidabuzarni xorijga chiqishdan mahrum qilishdan tortib, uyni auksionda sotib yuborishgacha).

Amerikalik jurnalistdan AQShda mazkur masalada qanday tizim mavjud ekani so‘ralgan.

"Umuman olganda bu kabi holat AQShda ro‘y berishi mumkin emas. Qurilish ishlari boshlanishidan oldin inshoot loyihasi va dizayni tasdiqlanishi shart. Shundan so‘nggina qurilishga ruxsat beriladi va mutasaddi tashkilot nazoratchilari qurilish ishlari qonunga muvofiq tarzda amalga oshirilayotganini tekshiradi", degan Maykl Brassert.

Top