00:40 / 22.02.2017
9329

Konstitutsiyaviy sud va Oliy sudning raislarini Oliy Majlis Senati saylaydigan bo‘ldi

Joriy yilning 21 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

Ushbu farmonda harbiy sud sudyalarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiritilganligi, adliya organlari tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash tartibi sud hokimiyatining mustaqilligi tamoyiliga muvofiq kelmayotgani aytiladi.

“Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini bermayapti, bu esa ularni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishni talab etadi”, deyiladi farmon matnida.

Shunga muvofiq, farmonda keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudining raislari, rais o‘rinbosarlari, sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan saylanadi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari Kengashning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

“Harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tuman (shahar), tumanlararo sudlari sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi”, deyiladi farmon matnida.

Mavzuga oid
Top