14:50 / 24.02.2017
13470

Odam savdosi bilan shug‘ullangan farg‘onalik qo‘lga olindi

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida yashovchi Davron Choriyev, Ma'mur Otayev, Rafiq Xoldorov, Mo‘min Jiyanov, Sunnat Tog‘ayev, Odil Egamov hamda Ravshan To‘lqinovlar (ism-shariflari o‘zgartirildi) tuppa-tuzuk hunar egasi bo‘lishsa-da, boriga shukr qilmay mo‘may daromad topishni xohlab qolishadi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

- Internet orqali zo‘r ish topib, telefon raqamini ham yozib oldim, - dedi bir kuni yigitlarni yoniga chorlagan M.Otayev. – Qo‘shni respublikada katta ko‘lamda qurilish ishlari boshlanibdi. Ish beruvchi – Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidan Abdulla Norqulov ekan. U bilan telefon orqali gaplashdim. “Kelishni xohlasangiz tezroq harakat qilinglar. Bu yerda hech qiynalmaysiz, barcha sharoit bor. Yo‘l xarajatlari esa qurilish tashkiloti hisobidan to‘lanadi”, deb aytdi.

Ma'murning gapini eshitgan yigitlar bir zumda bajarib turgan yumushlarini ham oxiriga yetkazmasdan yo‘l tadorigiga tushishdi. Nihoyat, belgilangan vaqt ular A.Norqulov bilan uchrashib, noqonuniy yo‘llar orqali qo‘shni davlatga o‘tib olishdi.

Va'da qilingan qurilish tashkilotiga borgach esa, mutlaqo boshqacha manzarani ko‘rishdi. A.Norqulov taqir cho‘lda qum bosib tashlandiq bo‘lib yotgan vagonda yigitlarni qoldirib, “hozir kelaman” deb qayergadir ketdi va bir soatlardan so‘ng Dima ismli kishini boshlab keldi.

- Bu kishi ish beruvchi, uning aytganlarini so‘zsiz bajarsangiz, har oyda 300 AQSh dollari miqdorida maosh olasiz. Hozircha, mana shu vagonda yashab turasizlar, - deb ularning fuqarolik pasportlarini yig‘ishtirib oldi va o‘n kundan keyin kelishini aytib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Shu alfozda ular ancha vaqtgacha qurilish ishlari bilan shug‘ullanishdi. Va'da qilingan maoshdan esa darak yo‘q. Bir kuni charchoq bosib uxlab qolgan yigitlar yarim tundagi g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketishdi. Qarashsa, vagon eshigi oldida A.Norqulov yana ikki nafar begona yigit bilan turardi. Uni ko‘rib, endi ish haqimiz va pasportimizni olsak kerak, deb o‘ylagan yigitlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.

- Mana, tumaningizdan yana ikki kishini olib keldim. Ularga shart-sharoitlarni tushuntiring. Yaxshi ishlasalaringiz uch-to‘rt kun oralig‘ida pullaringizni olasizlar, o‘zim ham shu yerda bo‘laman, - deb yana juftakni rostladi u.

Kunlar shu zaylda o‘tib borar, ish ko‘lami tobora og‘irlashayotgandi. Ochlikdan sillasi qurigan yigitlarga og‘ir mehnat kamlik qilganday ish beruvchi har xil so‘zlar bilan haqoratlar, kaltaklar edi. Bunday qiynoqlarga bardosh berolmagan yigitlar bir kuni tunda Dimaning yo‘qligidan foydalanib, tavakkal qilib yo‘lga chiqishdi. Goh piyoda, goh duch kelgan transportga chiqib, amallab uylariga kirib kelishdi. Sog‘lig‘ini yo‘qotgan, pasportidan ayrilgan va eng muhimi, yolg‘on va'dalar tufayli odam savdosi qurboniga aylanganidan pushaymon bo‘lgan yigitlar Mingbuloq IIBga murojaat etishdi.

Izquvarlar uchun A.Norqulovni topish oson bo‘lmadi. Odamlarni aldash yo‘li orqali mo‘may daromad orttirishga mukkasidan ketgan bu jinoyatchi juda pixini yorgan kimsa edi. Ichki ishlar organlari va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u yana bir necha o‘zbekistonliklarni aldab, odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan vaqtda qo‘lga olindi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortildi.

Top