17:04 / 24.02.2017
4955

O‘zbekiston Davlat turizm qo‘mitasida Xitoy va Rossiya elchilari qabul qilindi

Joriy yil 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Anvar Sharopov XXRning O‘zbekistondagi elchisi Sun Lijiye va elchi maslahatchisi Chjan Venchuanni qabul qildi.

Turizm davlat qo‘mitasi raisi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan mehmonlarni tabrikladi, deb xabar qilmoqda qo‘mita matbuot xizmati. 

Muloqot chog‘ida Xitoy tomoni O‘zbekistonning turizm sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ko‘rilayotgan choralar xususida ma'lumotlardan xabardor etildi. O‘zbekistonning boy turistik salohiyati borasida so‘z borar ekan, xitoylik sayyohlarni jalb qilish imkoniyatlari xususida fikr almashildi. O‘zbekistonning «Ipak yo‘li» brendi a'zosi sifatidagi o‘rniga e'tibor qaratildi. 

Xivada Xitoy restoranini ochish fikri bildirildi. Bu o‘z navbatida shaharga keluvchi xitoylik sayyohlarning sonini bir necha marta oshirish imkonini berishi kerak. 

Xitoy tomoni Samarqand, Buxoro va Xivadagi tarixiy yodgorliklarni rekonstruksiya qilish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Xitoy turoperatorlari Toshkentda o‘tkaziladigan soha ko‘rgazmalariga taklif etilgan. 

Shu kuni Anvar Sharopov Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi V.Tyurdenevni ham qabul qilgan. 

Davlat turizm qo‘mitasi raisi turizm sohasidagi o‘zbek-rossiya munosabatlarining yuqori darajasini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda rossiyaliklar sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulay sharoitlar mavjud ekani ta'kidlandi. Bu borada hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Rossiyada keng targ‘ib qilish uchun Rossiya OAVni jalb qilish zarurligi aytildi. 

Elchi Tyurdenev O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini yuqori baholar ekan, respublika turizmning muqobil turlari, jumladan faol, tibbiy va gastronomik turizm yo‘nalishlarida ulkan imkoniyatlarga egaligini ta'kidladi. 

Top